Bir kunda to‘rtta bog‘cha foydalanishga topshirildi
Bugungi bog‘cha — ertangi taraqqiyot poydevori. Sayxunobod tumanida bir kunda to‘rtta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishi ana shu haqiqatning amaliy ifodasi bo‘ldi. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilgan ushbu ezgu loyihalar yuzlab bolajonlarga quvonch, minglab ota-onalarga ishonch bag‘ishladi.
Prezidentning 2025-yil 6-martdagi "Sirdaryo viloyatining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori ijrosi doirasida 2-, 3- va 17-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Muassasalar zamonaviy talablar asosida qayta jihozlandi. Shuningdek, Mustaqillik mahallasida 120 o‘ringa mo‘ljallangan yangi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2- va 3-sonli bog‘chalarning quvvati 90 o‘rindan 150 o‘ringa, 17-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiniki esa 90 o‘rindan 180 o‘ringa yetkazildi. Bu esa tumanda maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, bolalarni erta yoshdan sifatli ta’lim-tarbiya bilan qamrab olish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
[gallery-30553]
Yangilangan muassasalarda bolalarning intellektual, jismoniy va ijodiy rivojlanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Zamonaviy o‘quv xonalari, shinam yotoqxonalar, musiqa va sport mashg‘ulotlari uchun mo‘ljallangan xonalar, tibbiyot kabineti, xavfsiz o‘yin maydonchalari hamda zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan muhit tarbiyalanuvchilarga sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
E’tiborli jihati shundaki, bu ishlar faqat yangi binolar barpo etish bilan cheklanib qolmayapti. Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, qamrov darajasini oshirish, ta’lim sifatini yuksaltirish va bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish borasidagi islohotlar izchil davom etmoqda. Ayni paytda Sayxunobod tumanida yana uchta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur ta’lim maskanlari tuman ahli uchun munosib bayram tuhfasi bo‘ldi. Eng muhimi, bu muassasalar bolalarning bilimli, sog‘lom va barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishi uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.
— Bugungi kunda farzandlarimiz uchun yaratilayotgan har bir sharoit — kelajagimizga qaratilgan eng muhim sarmoyadir. Sayxunobodda foydalanishga topshirilgan yangi va yangilangan bog‘chalar bolalarning har tomonlama rivojlanishi, ota-onalarning xotirjamligi hamda jamiyatimiz taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Sayxunobod tumani hokimi Komiljon Mullajonov.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA