Bir jangchi bosh egar koʻzlarida yosh...
Bolaligimda, biz nabiralar, supada choy ichib oʻtirgan bobomning atroflariga yigʻilib olib, ulardan urush haqidagi qiziq hikoyalarini eshitishni xush koʻrar edik.
Bugun dunyo sahnida Oʻzbekistonning oʻz oʻrni, oʻz maqomi bor, tinchlik hukmron. Aslida, mana shu tinchlikni, musaffo osmonimizni qanchadan-qancha ajdodlarimiz orzu qilmagan edi bir paytlar...
Bolaligimda, biz nabiralar, supada choy ichib oʻtirgan bobomning atroflariga yigʻilib olib, ulardan urush haqidagi qiziq hikoyalarini eshitishni xush koʻrar edik. Hammamiz har tomondan bobomni savollarga koʻmib tashlardik:
-Bobojon, nega bir qoʻlingiz yoʻq?.
-Urushda tashlab kelganman bolam...
Nigohlarida armon muhrlangan bobomning hamma hikoyalarini hayajon bilan tinglardim. Bolalik shuurimga muhrlangan xotiralardan biri, bobom hikoyalarining ichida birini koʻp takrorlar va aytayotganda bir nuqtaga tikilgancha uzoq muddat sukut saqlab, xotiralar ogʻushida ogʻir xoʻrsinib qoʻyardilar. Xotiralar bobomni olis urush maydonlariga olib ketar ekan, endi bilsam.
Bobom oʻn yetti yoshida urushga ketib, jangda daydi oʻqqa duch kelib, bir qoʻllaridan ayrilib qaytganlar. Hikoya qilishlaricha, Sodiq ismli hamqishloqlari oilada yettita qizdan keyin yagona oʻgʻil boʻlib, onalari yigʻlay-yigʻlay yakka-yu yagona oʻgʻillarini urushga kuzatgan ekan. Va har kuni xat kelishini kutib, ostonada telbanamo yoʻl poylagancha umrlari poyoniga yetgan. Bobom Sodiqdan keyinroq urushga ketgan boʻlsalar-da, doʻsti bilan jang maydonlarning birida uchrashib qolishadi, jangu-jadalda tuzukroq gaplashishning ham iloji boʻlmagan, ammo bobom oʻsha kungi hamqishloqlarining gʻamgin koʻzlaridagi mehrni, katta sogʻinchni necha yillar davomida unutolmadilar, takror-takror soʻzlab berardilar. Afsuski, Sodiq urushdan qaytmadi. Ammo uning oʻsha tikilgan mayus nigohi bobom xotiralarida koʻp yillar yashadi, bu intiq nigoh — yurt mehri, vatan sogʻinchi edi.
Bugun urush tugab, gʻalaba qozonilganiga 75 yil boʻldi, biz uchun urush hikoyalari ertakdir.
Otam xotirlashlaricha, urushning soʻnggi yillarida, mamlakatda ocharchilik hukmron, otalar urushda, kasalmand volidalari qishning qirchillamasida amallab toʻrt joʻjabirday jonni bir kun och, bir kun chala toʻqlab, amallab kun koʻrishgan paytlar. Onalari har kuni: “Xudoyim, bolalarimni sogʻ-omon koʻklamgacha yetkaz, u yogʻiga yerdan quloq chiqargan chimni yeb kun koʻrib ketishar”, deya iltijo qilarkanlar...
Imom Taraboniy rivoyatlarida: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uygʻonganda oilasi tinch, tani sogʻ va uyida bir kunlik yegulik boʻlsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha neʼmatlar mujassam ekan”, degan ekan.
Kezi kelganda qattiq taʼsirlantirgan bir voqeaga toʻxtalmoqchiman. Bir necha yil avval, xalqaro tadbir sabab, qoʻshni Afgʻonistondan yurtimizga tashrif buyurgan hamkasbimizni doʻstlarimiz poytaxtimizning eng yaxshi mehmonxonalaridan biriga joylashtirishadi. Ertangi tongda nonushta ustida aziz mehmondan “Yurtimiz yoqdimi, yaxshi dam oldingizmi?” deya soʻrashadi. Mehmon, bir oz sukutdan soʻng, bir xoʻrsinib shunday gap boshlaydi:
- Balki siz men hozir aytadigan gaplarimga ishonmassiz, ammo bu haqiqat. Men bu tun shunchalar miriqib uxlabmanki, goʻyo jannat bogʻlaridagidek his etdim oʻzimni. Bunchalar halovatli va osuda uyquni bizning xalqimiz unutib qoʻyganiga ancha boʻlgan. Biz kunlarimizni hadik bilan oʻtkazamiz, tunlarni xavotir bilan qarshi olamiz. Har kuni uyquga ketishdan avval oila aʼzolarimiz bilan rozi-rizolik soʻrab, vidolashib uyquga yotamiz. Chunki har kecha qayerdadir yo bomba portlashi yoki qurollardan otilgan oʻqning mashʼum ovozi, yoki qaysidir bir bechoraning ayriliqdan alamli dod-faryodi qalbimizni tilka-pora qiladi. Qaysidir bir birodarimiz uzoqroq joyga otlansa, bir-birimizga alvido aytib xayrlashamiz, chunki uning sogʻ-omon qaytishi biz uchun dargumon. Shunday koʻrgiliklar yurakni ezgan damlarda, boshimni olib uzoqlarga ketib qolgim keladi. Ammo na ilojkim, ota-bobolarimning xoki yotgan yerni tashlab qayerga ham borardim...
Ming shukurlar boʻlsinki, bugun biz, oʻzimizning Vatanimiz quchogʻidamiz, oʻz vatandoshlarimiz koriga yaramoq baxtiga egamiz. Bu Vatanning mana shu tinchligi va begʻubor osmonini asrab-avaylash esa har bir yurtdoshimiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Oʻzbek xalqimiz fidoyi millat, yurtimizga kelgan bugungi kulfatlarni ham birdamlikda albatta yengib, saodatli kunlarga erishajakmiz. Axir biz, boshiga tushgan ne-ne kulfatu koʻrgiliklarni matonat bilan yengib oʻtgan mardonavor xalqmiz. Ushbu munavvar ramazon kunlarida duoda boʻlaylik-ki, Yaratganning oʻzi xalqimizni va butun insoniyatni oʻz panohida asrasin.
Xotira
Necha kun jang borar suronli, notinch,
Uyqusin yoʻqotgan horgʻin dalada.
Dilda faqat bir soʻz, tilak va ilinj,
Ortga yoʻl yoʻq, maqsad faqat gʻalaba!
Jangchilar ildamlar oldinga shahdam,
Oʻqdan tilka-pora metindayin tan.
Chekinmoqqa yoʻl yoʻq hatto bir qadam,
Axir ortda yurt bor, orqada vatan...
Banogoh uchrashdi jang maydonida,
Bir ovulda oʻsgan ikki qadrdon.
Fursat yoʻq suhbatning onimas bunda,
Faqat nigohlari soʻzlashur pinhon.
-Doʻstim omonmisan?
-Sen ham bormisan?
Oʻzingni avayla va yodingda tut.
Nasib etmasa-yu, jangdan qaytmasam,
Mening shu soʻzlarim boʻlmasin unut.
Vatanni sogʻindim, yurtni sogʻindim.
Osuda kunlarni baridan koʻproq.
Tinchlik zamonida yashash orzuim,
Qaysimizga nasib, u kunni koʻrmoq.
Koʻz ilinsa qalqir begʻubor osmon,
Shoshib ochsam urush, ayovsiz tanglik.
Ajal maydonidan sogʻ chiqmoq gumon,
Oh, qandayin shirin qoʻshigʻing, tinchlik!
Bir daydi oʻq kelib tegdi nogahon,
Oʻgʻlonning falakka tikildi koʻzi.
Orzular ham endi mangulik armon,
Labdan uchdi “Vatan” eng soʻnggi soʻzi...
Yillar oʻtsa ham-ki, yurakda bir tosh,
Qalbida chandigʻi, armon, oʻkinchi.
Bir jangchi bosh egar koʻzlarida yosh,
Qadri shunday baland Tinchlikning!
Zilola Xoʻjaniyozova,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi