Bir gektar yerdan o‘rtacha 5 ming dollar daromad olinishi kerak
Davlat dasturi loyihasi – muhokamada
Bu ayni paytda muhokamaga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida belgilangan chora-tadbirlardan biri.
Bugun bir gektar yerdan bundan bir necha barobar ko‘p daromad olayotgan tomorqachi, fermer va tadbirkorlar ham bor. Lekin ular juda kam. Maqsad ana shunday toifadagi dehqon va bog‘bonlarni, tadbirkorlarni ko‘paytirish va xalqimizning o‘z mehnatidan manfaatdorligini oshirishdir.

Bizda ko‘p hollarda oddiy aholi va fermerlar ham yerga ekin ekish yoki bog‘ yaratishda an’anaviy usullardan foydalanishadi yoki har yili bir xil mahsulot yetishtirishga o‘rgangan. Masalan, kartosha ekadigan dehqon har yili shu ish bilan shug‘ullanadi, sarimsoq eksa, ko‘proq foyda olishini o‘ylamaydi. Yoki katta tomorqasining bir chetida ixcham issiqxona qurib, yiliga million so‘mlab daromad qilish mumkinligini hisob-kitob qilmaydi. Fermerlarimiz ham davlat buyurtmasidan tashqari, ortiqcha maydonda yangi turdagi sabzavot yoki poliz mahsulotlari yetishtirish, yangi, mahsuldor urug‘dan foydalanishi mumkin. Ammo bunga hafsala qilishmaydi.
Shu bois davlat dasturi loyihasida yerdan unumli foydalanib, ko‘proq daromad olish uchun sifati yuqori va xorijiy davlatlardan olib kelingan urug‘larni ekish, intensiv texnologiyalarni qo‘llab, ekinlarni parvarishlash, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishni yanada kengaytirish belgilanmoqda.
Shuningdek, loyihada meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 51 ta tumanda meva-sabzavotlarni shok usulida muzlatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish va yil yakuni bilan umumiy quvvati 44 ming tonna bo‘lgan loyihalarni hayotga tatbiq etish vazifasi qo‘yilmoqda. Bu ham bejiz emas, chunki bugun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini, aholini yil davomida sifatli meva-sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlash, bozorda narx barqarorligiga erishish dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Qolaversa, bu orqali fermer va tadbirkorlarning daromadlarini bir necha barobar oshirish imkoniyati yaratiladi.
Ushbu yo‘nalishda keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ishlar natijasida qishda ham bozorlarimiz, aholi dasturxonidan meva-sabzavot uzilgan emas. Hatto, sitrus mevalargacha o‘zimizda yetishtirilmoqda.
Umuman, davlat dasturi loyihasida taklif etilayotgan qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ustuvor maqsadlar, chora-tadbirlarning amalga oshirilishi bozorlarda mo‘l-ko‘lchilik, elimiz dasturxoni to‘kinligi va bu mehnat bilan shug‘ullanayotgan fermer va tadbirkorlik sub’ektlari iqtisodiy barqarorligiga, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Shavkat Sharipov,
Oliy Majlis Senati a’zosi.
O‘zA