Bir asr oldin talabalarning chet elda oʻqishiga eʼtibor qanday edi?
Vatanimiz tarixidagi 25-sentyabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.
Vatanimiz tarixidagi 25-sentyabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.
1912-yil (bundan 108 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori Aleksandr Samsonovning Turkiston oʻquv yurtlari bosh noziriga 25-sentyabrda yuborgan buyrugʻida oʻlkadagi barcha maktablarda faoliyat yuritayotgan muallimalar haqida maʼlumot berilishi soʻralgan.
Bunga javoban barcha viloyat xalq maorifi nozirlari tomonidan oʻqituvchilar haqida toʻla maʼlumotlar muntazam berib borilgan. Bunday muntazam tekshiruvlar olib borilishdan asosiy maqsad mazkur maktablarda faoliyat koʻrsatayotgan muallimalarning jadidchilik harakatiga boʻlgan intilishini nazorat qilishdan iborat edi.
1922-yil (bundan 98 yil oldin) – Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (TASSR) Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi raisi Abdulla Rahimboyev Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi (RSFSR) Xalq Komissariyati Moliya boʻlimidan chetga oltin pul olib oʻtishga ruxsat olib berishni soʻrab Turkistonning Moskvadagi muxtor vakolatxonasiga murojaat qildi.
Tarixchi Soibjon Hoshimovning yozishicha, mazkur murojaatnomada, jumladan, bunday deyilgan edi: “Turkiston Respublikasi MIQ RSFSR Xalq Komissariyati Moliya boʻlimidan oltin pullarni chegaradan olib oʻtishga ruxsat olib berishingizni soʻraydi, chunki Turkiston Respublikasi oʻz hisobidan talabalarimizning Germaniyada oʻqishlarini davom ettirishlari uchun har biriga oltin hisobida 620 soʻmdan mablagʻ ajratib joʻnatmoqda”.
Boshqa har qanday davlatning kelajagi singari Turkiston Respublikasining istiqboli ham yoshlarga bogʻliq edi. Buni oʻz vaqtida anglab yetgan Turkiston milliy ziyolilari yoshlarni Germaniya, Turkiya kabi xorijiy mamlakatlarida bilim olishlarini tashkil etishga harakat qiladilar.
Markazdan bu maqsadda pul undirish befoyda edi. Ichki imkoniyatlar va fidoyilar harakati bilan toʻplangan oltin pulni esa mustaqil tashqi siyosat olib borish huquqiga ega boʻlmagan respublika hukumati chet elga oʻz yoshlari oʻqishi uchun oʻtkaza olmasdi. Yuqoridagi murojaat shu maqsadda qilingan edi.
1935-yil (bundan 85 yil oldin) – arxeolog-tarixchi olim, tarix fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ahmadali Asqarov tavallud topdi. Uning asosiy ilmiy ishlari Oʻrta Osiyoda saqlanib qolgan moddiy-madaniyat yodgorliklarini ochish va ularda arxeologik tadqiqotlar oʻtkazish yoʻli bilan Oʻzbekiston tarixini oʻrganishga bagʻishlangan.
1941-yil (bundan 79 yil oldin) – butun Oʻzbekistonda harbiy oʻquv punktlarini tashkil etishga va ularni komandirlar tarkibi bilan toʻldirishga kirishildi.
1991-yil (bundan 29 yil oldin) – Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon va Abdurauf Fitratga (vafotidan keyin) oʻzbek adabiyotini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi.
1997-yil (bundan 23 yil oldin) – Londondagi Oʻzbekiston Respublikasi elchixonasida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Islandiya Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma Axborotni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
2013-yil (bundan 7 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro quyosh energiyasi instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori imzolandi.
2014-yil (bundan 6 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun 5 bob, 30 moddadan iborat.
Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi