Bir asr avval Germaniyaga yuborilgan o‘zbek talaba yoshlari haqida yangi hujjatlar topildi
Tarixni o‘rganishda arxivlar oddiy hujjatlar saqlanadigan maskan emas. Ular xalqlarning xotirasi, davlatlarning siyosiy qarorlari va tarixiy jarayonlarning asl manbalarini o‘zida mujassam etgan ilmiy xazinalardir. Ayniqsa, Turkiston va Markaziy Osiyo tarixi kabi murakkab davrlarni tadqiq etishda xorijiy arxivlar ko‘pincha mahalliy manbalarda uchramaydigan qimmatli ma’lumotlarni saqlab qolgan bo‘ladi.
Akademik Azamat Ziyoning Berlindagi uchrashuvlari davomida Germaniya arxivlari mutasaddilari o‘zbek xalqi, milliy davlatchilik tarixi hamda Turon-Turkiston bilan bog‘liq hujjatlarni izlash va tadqiq etish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bu esa kelgusida ikki davlat tarixchilari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

Arxiv fondlarida aniqlangan hujjatlar orasida XX asrning 20 yillarida Turkiston va Buxorodan Germaniyaga tahsil olish uchun yuborilgan yoshlar haqidagi ma’lumotlar alohida e’tiborni tortadi.

Ma’lumki, jadidlar va yangi davr islohotchilari taraqqiyotning asosiy omili sifatida zamonaviy ta’limni ko‘rgan. Shu sababli yuzlab iste’dodli yoshlar Yevropaning nufuzli oliygohlariga yuborilgan. Ularning aksariyati keyinchalik O‘zbekiston ilm-fani, tibbiyoti, muhandisligi va ma’rifat sohalarining shakllanishida muhim rol o‘ynagan. Biroq bu yoshlarning hayoti, Germaniyadagi faoliyati haqida hanuz ko‘plab noma’lum jihatlar mavjud. Berlin arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar aynan shu bo‘shliqlarni to‘ldirish imkonini berishi bilan qimmatlidir.

Topilgan hujjatlar orasida Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati faoliyatiga doir materiallarning mavjudligi ham katta ilmiy ahamiyatga ega. Mazkur davr Markaziy Osiyo tarixida keskin siyosiy o‘zgarishlar, mustaqil davlat qurish urinishlari va sovetlashuv jarayonlari bilan alohida diqqatga sazovor

Arxivdagi eng qiziqarli topilmalardan biri o‘zbek ma’rifatparvar ayollaridan biri bo‘lgan Xayriniso Majidxonovaga oid hujjatlardir. Xayriniso Majidxonova Turkiston tarixida ayollarning ta’lim olishi, jamiyat hayotidagi faolligi va yangi davr g‘oyalarini targ‘ib etishda muhim o‘rin tutgan shaxslardan biri sifatida tilga olinadi. Germaniya arxivlaridan topilgan materiallar uning faoliyati, xalqaro aloqalari yoki o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi o‘rni haqida yangi ma’lumotlarni yuzaga chiqarishi mumkin.

Akademik Azamat Ziyoning Berlindagi ilmiy tashrifi oddiy protokol tadbiri emas, balki milliy tariximizning hali o‘rganilmagan sahifalarini tiklashga qaratilgan muhim qadamdir. Germaniya arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar Turkistonning XX asr boshlaridagi siyosiy, madaniy va ma’rifiy hayotini yanada chuqurroq anglash imkonini beradi/
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA