Biologik faol qo‘shimchalar davolovchi xususiyatga egami?
So‘nggi paytlarda internet tarmog‘ida qandli diabet va uning asoratlaridan xalos etishi va’da qilinayotgan biologik faol qo‘shimchalarning reklamasi avj olmoqda.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, biologik faol qo‘shimchalar inson organizmining fiziologik holati barqaror bo‘lmagan hollarda uning funksional faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular hech qanday davolovchi xususiyatga ega emas.
– Shifokorlik amaliyotida biologik faol qo‘shimchalarning “mo‘jizaviy” ta’siriga ishonib, an’anaviy davolash usullaridan voz kechgan, ya’ni insulin qabul qilishni to‘xtatgan ayrim bemorlarda bir necha kun ichida keton tanachalari paydo bo‘lishi va qand miqdori o‘ta yuqorilab ketishi holatlari kuzatilgan, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Sevara Faxrutdinova. – Oqibatda bemor giperglikemik koma holatiga tushib qolishi mumkin.
Bundan kelib chiqadiki, ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan biologik faol qo‘shimchalar qandli diabetga chalingan bemorlarni davolashda samara bermasligi bilan bir qatorda, salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Qolaversa, bunday mahsulotlar reklamasida O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining ayrim bandlari talablari buzilishi holatlari kuzatilmoqda.
Shunday ekan, turli biologik faol qo‘shimchalarni qabul qilishdan avval albatta, shifokor bilan maslahatlashish maqsadga muvofiqdir.
Ma’lumot uchun, yaqinda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi tomonidan aniqlangan ozish uchun mo‘ljallangan, realizatsiya qilish va saqlash taqiqlangan mahsulotlarning ro‘yxati e’lon qilingan edi.
M.Qosimova, O‘zA