Binodan sakramoqchi bo‘lgan fuqaro qutqarildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumanidagi ko‘p qavatli binodan fuqaro o‘zini tashlamoqchi bo‘lgani aks etgan videolar tarqaldi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 14-iyul kuni soat taxminan 22:20 da Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan ko‘p qavatli savdo majmuasining 10-qavatida sodir bo‘lgan.

Hodisa joyiga tuman ichki ishlar, prokuratura hamda favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari zudlik bilan yetib borib, fuqaroni xavfsiz tarzda, jarohat yetkazmasdan binodan olib tushishgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi, 36 yoshli Y.Y. bo‘lib, u ruhiy-asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turgani aniqlangan.
Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaroni ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasiga yuborish choralari ko‘rildi.
A.Musayev,O‘zA.