Bino qurilishi nega to‘xtatildi?
Ko‘rkam imoratlar, muhtasham binolar qurilishi o‘sha joydagi aholining farovon turmushidan darak beradi. Bu quvonarli albatta. Lekin har ishda ham tosh-tarozi borligini unutmaslik kerak.
Keyingi paytda fuqarolarimiz tomonidan uy-joy va inshootlar qurishda sohaga oid talab va me’yorlarni buzish holatlari tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. “O‘zi sotib olgan joy bo‘lsa, istaganini quradi-da” deyish esa juda noto‘g‘ri fikr. Zero, har bir bino-inshootning zilzilabardoshligi, loyiha o‘lchamlariga mosligi, xavfsizligi, ekologiya va atrof-muhitga zarar bermasligi kabi ko‘plab jihatlari inobatga olinadiki, bu uzoq yillar davomida faqat yaxshilikka xizmat qilishini ko‘pchilik bilavermaydi.

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani Qorayantoq qishlog‘ida yashovchi Doniyor Saidaxmedov yaxshi niyatlar bilan qishloqdoshiga qarashli 0,15 sotix yerni sotib oladi. Eski binoni buzib tashlab, o‘rniga ikki qavatli ishlab chiqarish sexi qurishga kirishadi. Biroq bugun bu qurilish to‘xtatildi.

– Ikki yil oldin shu yerni sotib olib, qurilish boshlaganmiz. Maqsadim – trikotaj sexini ishga tushirish, bir necha fuqarolarni ish bilan ta’minlash edi. Kadastr, APZ hujjatlarini tayyorlab, qurilishni boshlab yubordik, lekin asosiy talablarni bajarmagan ekanmiz, – deydi tadbirkor Doniyor Saidaxmedov. –Mutasaddilar tushuntirgach, qurilishni to‘xtatdik. Aslida ham inshoot xavfsizlik, turli o‘tkazmalar hisobga olinib, qurilish me’yorlari bo‘yicha qurilsa yaxshi-da.

Qo‘qon shahar Istiqlol ko‘chasida qurilayotgan ikki qavatli savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish binosida ham vaqtincha ish to‘xtagan. Bu inshoot qurilishi ham zarur hujjatlar to‘liq tayyorlanmay boshlab yuborilgan.
– Qurilishni boshlashda hujjatlarni taxt qilganmiz, faqat qurilish nazorati inspeksiyasiga xabar bermaganmiz, – deydi ushbu qurilish ob’ekti ish yurituvchisi Madaminjon Qo‘shmatov. – Qurilish nazorati mas’ullari tushuntirishgach, xato qilganimizni angladik. Hozir inshoot texnik-instrumental ko‘rikdan o‘tkazilyapti. Ijobiy xulosalar olingach, qurilishni davom ettirsak bo‘ladi.

Shu o‘rinda ta’kidlashni istardikki, tadbirkorlarimiz har qanday qurilishni boshlamay turib, barcha mas’ul idoralardan ruxsat olishsa, bir qur nazoratdan o‘tkazib olishsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Axir, yakuniga yetay deb turgan binoni buzishni kim ham xohlardi?! Yuqoridagi ikki holatda ham tadbirkorlar tegishli tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

– Nizomga asosan, ikki qavatdan yuqori bo‘lgan (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joylar va hajmi 300 metr kubdan ortiq bo‘lgan noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ob’ektining loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi hamda mazkur ob’ekt Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining hududiy inspeksiyalarida ro‘yxatga olinishi kerak, – deydi Farg‘ona viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mas’ul xodimi Islomjon Olimjonov. – Afsuski, aksariyat yurtdoshlarimiz kadastr hujjatlari yoki kimlarningdir va’dalariga ishonib bunday qurilishni boshlab yubormoqda. Vaholanki, ba’zi hollarda bino-inshootlar texnik talablarga javob bermaydi, natijada uni buzish, qayta qurishga majbur bo‘lishadi. Bundan tashqari, noqonuniy qurilish uchun javobgarlik ham belgilangan.
M.Sulaymonov, O‘zA