Bilimli o‘quvchi maqsadiga erishadi
Samarqand viloyatidagi maktablarning joriy yilgi bitiruvchilaridan qariyb 2 ming nafari umumta’lim fanlari va xorijiy tillar bo‘yicha milliy, 1 ming nafardan ortig‘i xalqaro sertifikatlar oldi. 200 nafar bitiruvchi muddatidan avval AQSH va Yevropadagi nufuzli universitetlarning talabasi bo‘lishga erishdi.
Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari o‘tkazilayotgan shu kunlarda bu yil ro‘yxatdan o‘tgan 677 mingdan ortiq abituriyentning 13 ming nafarga yaqini barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgani uchun test sinovlaridan ozod qilinib, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Bilim va malakalarni baholash agentligi xabariga ko‘ra, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 ming 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 ming 354 nafar abituriyent milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgani uchun o‘sha fanlar bo‘yicha test sinovi topshirmaydi.
Bu raqamlarni avvalgi yillar bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, farq juda katta ekanligini ko‘rish mumkin. Demak, yoshlarda maktab davridayoq tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha fanlarni puxta o‘zlashtirib, sertifikatga ega bo‘lish va talabalarni naqd qilishga ishtiyoq yildan-yilga kuchayib bormoqda. Demak, maktablarda ta’lim sifati oshmoqda, o‘qituvchilar tajriba va malakasini oshirishga, o‘quvchilar yaxshi o‘qishga intilmoqda.
– Erishilayotgan natijalar, ta’lim sifatining oshishi zamirida bir qator omillar borligini ko‘rishimiz mumkin, – deydi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Rustam Yo‘ldoshev. – Bu, avvalo, Prezidentimizning mazkur sohani tubdan isloh qilishga qaratgan e’tibori, bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish darajasining oshayotgani, jamiyatda o‘qituvchining mavqei mustahkamlangani, mehnatiga munosib haq to‘lanayotgani natijasidir. Qolaversa, keyingi o‘n yilda maktablar moddiy-texnika bazasi ancha mustahkamlandi, Prezident maktablari, ixtisoslashgan maktablar tashkil etildi. Maktabgacha va maktab ta’limida nodavlat sektor paydo bo‘ldi va yildan-yilga ularning safi kengayib bormoqda. Bu esa davlat va nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobatni yuzaga keltirib, ota-onalar va o‘quvchilarda eng yaxshilarni tanlash imkoniyatini yaratdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi yetti yilda viloyatimizdagi bog‘cha yoshidagi bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi 20,9 foizdan 70 foizga, 6 yoshli bolalarning maktabga tayyorlash ko‘rsatkichi esa 95 foizga yetdi. Mazkur tarmoqda nodavlat sektor ulushi 2018-yilda 1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 45 foizdan oshdi.

Ta’lim tizimida barcha jarayonlar raqamlashtirildi, o‘qituvchi turli xil daftar va jurnallarni to‘ldirmaydi, hammasi, hatto bahogacha maxsus platformalarda qayd etib boriladi. Maktablarda o‘quvchilar bilimini baholashning xalqaro darajaga mos bo‘lgan yangi tizimi shakllandi. O‘qituvchilarning milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi ular maoshiga qo‘shimcha ustamalar to‘lashga asos bo‘lmoqda.

Prezidentimizning xalqimiz orasida ancha shov-shuv bo‘lgan gapi – o‘qituvchining 1 ming dollar miqdorida maosh olishi bugun haqiqiy voqelikka aylandi. Viloyatimiz misolida olaylik, 2021-yilda 5 nafargina samarqandlik o‘qituvchi 1000 AQSH dollari va undan ko‘p miqdorda oylik ish haqi olgan bo‘lsa, 2022-yilda ular 52 nafarni, 2023-yilda 71, 2024-yilda 135 va 2025-yilda 249 nafarni tashkil etdi. Milliy va xalqaro serfikatga ega bo‘lib, ustama bilan oylik maosh olayotgan o‘qituvchilar ham yildan-yilga ko‘paymoqda. Yoki o‘quvchisi fan olimpiadasi va xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarga ham salmoqli miqdorda mukofot pullari berilayotgani ularning o‘z ishiga munosabatini butunlay o‘zgartirdi. Yakuniga yetgan o‘quv yilida fan olimpiadasining respublika bosqichida 7 nafar o‘quvchimiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarni qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida respublika bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladik. Ana shu o‘quvchilarimiz bilan birga ularning o‘qituvchilari ham katta miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Boshqarma boshlig‘i bu yilgi bitiruvchilar erishgan yuqori natijalarni alohida qayd etar, xususan, Urgut tumanidagi 152-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchisi Shohjahon Meliqulov bir vaqtning o‘zida 17 ta xorijiy universitetga o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘lib, jami 1 million dollarlik grantga sazovor bo‘lganini ta’kidladi. Samarqand shahridagi 58-maktab bitiruvchisi Firdavs Fayzullayev va 17-maktab bitiruvchisi Abdujaloliddin Nodirjonov esa AQSH universitetlarida o‘qish uchun 290, 200 ming dollarlik grantlarni qo‘lga kiritgan. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchisi Ashrafjon Ravshanov Kavkaz matematika olimpiadasida kumush, Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazilgan 3-Xalqaro matematika olimpiadasida hamda Toshkent shahri mezbonlik qilgan Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro matematika va informatika olimpiadasida oltin medallar bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, samarqandlik maktab o‘quvchilari “Turon” maktab teatri va “Iqtidor” maktab ansambli ko‘rik-tanlovlarida, “Zakovat” intellektual o‘yinida, “Yosh qutqaruvchi” sport musobaqasining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egalladi. “Yosh kitobxon” tanlovida qatnashgan paxtachilik Temur Faxriddinov hamda narpaylik Shahzoda O‘ktamova ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, 75 million so‘mdan pul mukofotiga sazovor bo‘lishdi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri