Bilimlar kuni: yangi maqsadlar, yangi qadamlar
Bugun yurtimiz bo‘ylab barcha umumta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga start berildi.
Ayniqsa, mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan uyg‘un ravishda nishonlanayotgan Bilimlar kuni barcha uchun quvonchli va unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.

Bu yil mamlakatimiz maktablariga 795 ming nafardan ortiq birinchi sinf o‘quvchilari ilk bor qadam qo‘ymoqda. Ularga an’anaga ko‘ra, 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘alari” topshirildi.
2026–2027 o‘quv yilida mamlakatimizdagi 10 ming 225 ta umumta’lim maktabida 550 ming nafardan ziyod o‘qituvchi 6,7 million nafardan ortiq o‘quvchiga ta’lim-tarbiya beradi.

Yuqori Chirchiq tumanidagi 20-umumta’lim maktabida ham yangi o‘quv yili ko‘tarinki ruhda boshlandi. Maktabda o‘tkazilgan Bilimlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ustozlar, o‘quvchilar va ota-onalar ishtirok etib, yangi o‘quv yilining ilk kunini katta xursandchilik bilan qarshi oldilar.
Ayni maktab jamoasida yosh, izlanuvchan pedagoglar ham samarali faoliyat olib bormoqda. Shunday ustozlardan biri — Malikaxon Kenjayeva. Ushbu maktabda o‘qituvchilik faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, u qisqa vaqt ichida o‘zining tirishqoqligi, izlanuvchanligi va kasbiga bo‘lgan mehri bilan jamoa e’tiboriga tushdi.

Malikaxon Kenjayeva maktab jamoasining qo‘llab-quvvatlovi bilan bir yil davomida nafaqat o‘quvchilarga sifatli ta’lim berishga, balki o‘z ustida muntazam ishlashga ham erishdi. U malaka toifasini qo‘lga kiritib, rus tili fani bo‘yicha xalqaro sertifikatga ham ega bo‘ldi.
— Yosh pedagog uchun eng muhimi — to‘g‘ri yo‘nalish va doimiy izlanish. Maktabimizda tajribali ustozlar yosh o‘qituvchilarga har tomonlama ko‘mak beradi. Bu esa bizga o‘z ustimizda ishlash, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash uchun katta rag‘bat beradi, — deydi M.Kenjayeva.
Bugungi kunda mazkur maktabda 105 nafar pedagog faoliyat yuritib, yosh avlodga sifatli ta’lim va tarbiya berish yo‘lida mehnat qilmoqda. Maktab direktori Dildora Ortiqova ham izlanuvchan va tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
Bilimlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan bugungi tantanada ham ana shu ezgu maqsad — yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ularni Vatanga muhabbat va yuksak maqsadlar ruhida tarbiyalash g‘oyasi ustuvor bo‘ldi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA