«Bilimlar kuni» ko‘tarinki ruhda nishonlandi
Sirdaryo viloyatida 2026–2027 o‘quv yili katta shodiyona — «Bilimlar kuni» bilan boshlandi. Viloyatning barcha hududlarida yangragan ilk qo‘ng‘iroq sadolari minglab o‘g‘il-qizlarni yangi bilim va kashfiyotlar, ezgu orzu-maqsadlar hamda yuksak marralar sari chorladi. Ayniqsa, bu yilgi «Bilimlar kuni» O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bilan uyg‘un holda nishonlanayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
«Bilimlar kuni» munosabati bilan Guliston shahrining Yangi hayot mahallasida yangidan barpo etilgan zamonaviy umumta’lim maktabida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva, faxriylar, nuroniylar, pedagoglar, o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi.
Tantana O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari bilan boshlandi. Shundan so‘ng viloyat hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari, ustoz va murabbiylari hamda ota-onalarga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Bayram tadbirida maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan birinchi sinf o‘quvchilariga alohida e’tibor qaratildi. Ilk bor maktab partasiga o‘tirgan o‘g‘il-qizlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi — 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat jamlanma topshirildi. Shuningdek, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi ramzi tushirilgan esdalik sovg‘alari ham taqdim etildi. Maktab kutubxonasi uchun badiiy va ma’rifiy adabiyotlardan iborat kitoblar jamlanmasi hadya qilindi.
[gallery-31205]
Shu tariqa quvonch va hayajonga to‘la bayram tadbirida yangi o‘quv yilining ilk qo‘ng‘irog‘i jarangladi. Uning jarangdor sadolari ostida o‘quvchilar sinf xonalariga yo‘l oldilar va yangi o‘quv yilining birinchi mashg‘uloti — «Mustaqillik darsi» boshlandi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov o‘quvchilar bilan samimiy muloqot qilib, ular uchun «Mustaqillik darsi»ni o‘tdi. Savol-javoblarga boy, ochiq va erkin muloqot shaklida o‘tgan dars yoshlar xotirasida uzoq saqlanadigan qiziqarli va mazmunli uchrashuvga aylandi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning davlat mustaqilligiga erishishi oson kechmagani, bugungi ozod va farovon hayot zamirida xalqimizning asrlar davomidagi orzu-intilishlari mujassam ekani haqida so‘z yuritildi. O‘quvchilarga mustaqillik tufayli xalqimizning milliy o‘zligi, tili, milliy qadriyat va an’analari tiklangani, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar ochilgani hayotiy misollar orqali tushuntirildi. Shuningdek, millat ravnaqi va yurt ozodligi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan ma’rifatparvar jadid bobolarimizning hayoti va faoliyati, ularning milliy uyg‘onish, ilm-ma’rifat va taraqqiyot haqidagi orzu-maqsadlari hamda xalqimiz tarixidagi o‘rni haqida qiziqarli ma’lumotlar berildi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim, ilm-fan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, sport va boshqa sohalarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilgan ulkan yutuqlar va yaratilgan imkoniyatlar haqidagi fikrlar o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Yoshlar bilan muloqot jarayonida ularni Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va daxldorlik tuyg‘usi ruhida tarbiyalash, puxta bilim egallashi, zamonaviy kasb va hunarlarni o‘zlashtirishi muhimligi ta’kidlandi.
Yangi o‘quv yilini yangi maktabda qarshi olayotgan o‘quvchilar uchun bugungi bayram yana bir jihati bilan ahamiyatli bo‘ldi. Guliston shahri Yangi hayot mahallasidagi mazkur zamonaviy umumta’lim maktabi O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Uning qurilishiga 13 milliard 200 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 990 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy ta’lim muassasasiga joriy o‘quv yilida 502 nafar o‘quvchi qabul qilindi. Shundan 100 nafari birinchi sinf o‘quvchilaridir.
Yangi ta’lim maskanida o‘quvchilarning sifatli va zamonaviy bilim olishi, fanlarni chuqur o‘zlashtirishi, iqtidor va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Tadbirdan so‘ng viloyat hokimi maktabdagi o‘quv xonalari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Soha mutasaddilari va pedagoglar bilan muloqotda ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga yo‘naltirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida muhim vazifalar belgilab berildi.
«Bilimlar kuni» tadbirlari faqat Guliston shahridagina emas, balki Sirdaryoning barcha tuman va shaharlarida ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Shu kuni viloyatning 351 ta ta’lim muassasasida yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar tashkil etildi.
Ayni paytda mazkur ta’lim muassasalarida 162 ming 89 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Shuningdek, viloyatdagi 12 ta ixtisoslashtirilgan maktabda 3 ming 57 nafar, Prezident maktabida 160 nafar, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida 196 nafar, 23 ta nodavlat ta’lim muassasasida esa 3 ming 288 nafar o‘quvchi bilim olmoqda. Ularning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun ta’lim muassasalarida zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
— Joriy o‘quv yilida Sirdaryo viloyatida 19 ming 566 nafar o‘g‘il-qiz birinchi sinfga qabul qilindi. Ular uchun 1-sentabr nafaqat yangi o‘quv yilining, balki hayotdagi yangi, muhim va mas’uliyatli bosqichning boshlanishi bo‘ldi. Kechagina bog‘chaga borib yurgan bolajonlar bugun maktab partasiga o‘tirib, katta hayot sari ilk qadamlarini qo‘ydilar. Endi ular oldida yangi bilimlarni egallash, o‘z qobiliyat va iste’dodini namoyon etish, orzu-maqsadlari sari intilishdek sharafli vazifalar turibdi, — deydi Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva.
Zero, maktab — nafaqat bilim beriladigan, balki insonning dunyoqarashi, orzu-maqsadlari va kelajakka bo‘lgan ishonchi shakllanadigan muqaddas maskandir. Bugun Sirdaryoda jaranglagan ilk qo‘ng‘iroq sadolari minglab o‘g‘il-qizlarni yangi bilimlar, ulkan orzu va buyuk maqsadlar sari chorladi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA