Bilimdan innovatsiyaga, g‘oyadan natijaga: universitetlar yangi bosqichda
Dunyoda iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichi ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi masofa qisqargan joylarda yuzaga kelmoqda. Bugun universitet faqat diplom beradigan ta’lim muassasasi emas.
Unday ta’lim dargohlarida yangi g‘oya tug‘iladi, ilmiy tadqiqot amaliy yechimga aylanadi, texnologiya yaratiladi, startap shakllanadi va eng muhimi, bu jarayon yangi ish o‘rinlari hamda iqtisodiy qiymatga olib keladi.
Bugun, 2-sentabr O‘zbekistonda yangi o‘quv yilining ilk kuni. Oliy ta’lim muassasalarida esa 7-sentabrdan 1-bosqich talabalari auditoriyalarga qaytsa, 14-sentabrdan 2-bosqich va undan yuqori kurs talabalari uchun darslar boshlanadi.
Yangi o‘quv yilining ilk kunlari ta’lim tizimi oldida turgan vazifalarga yana bir bor e’tibor qaratadi. Zero, bugun universitet faqat bilim beruvchi emas, balki ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar rivojiga xizmat qiluvchi muhim maskanga aylanmoqda.
O‘zbekistonda oliy ta’lim va ilm-fan tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning keyingi bosqichi ham ana shu maqsadga qaratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026-yil 3-aprel kuni oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilingan edi. Unda endi asosiy e’tibor ta’lim qamrovini kengaytirish bilan birga, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, ilm-fanni iqtisodiyot bilan bog‘lash va universitetlarni tadqiqot hamda innovatsiyalar markaziga aylantirishga qaratilishi ta’kidlandi.

Bu vazifalar 2026-yil 10-aprelda qabul qilingan Prezident farmonida ham aniq mexanizmlar bilan belgilab berildi. Hujjatda oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar tizimini “5T” – ta’lim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish tamoyillari asosida rivojlantirish nazarda tutilgan.
Ushbu yondashuvning eng muhim jihatlaridan biri universitet, ilmiy muassasa va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yangi darajaga olib chiqish. “U10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturi doirasida raqobat asosida 10 ta oliy ta’lim muassasasiga milliy tadqiqot universiteti maqomini berish belgilangan. Ular atrofida ilmiy klasterlar tashkil etiladi. Bunday klaster tarkibiga milliy tadqiqot universiteti bilan birga hududdagi boshqa oliy ta’lim muassasasi, nufuzli xorijiy universitet, ilmiy tashkilot va tegishli tarmoq yoki sanoat korxonasi kirishi mumkin.
Bu oddiy hamkorlik emas. Universitetda yaratilgan g‘oya laboratoriya devorlari ichida qolib ketmasligi, ilmiy natija korxonaga yetib borishi, korxonadagi muammo esa olim uchun yangi tadqiqot mavzusiga aylanishi ko‘zda tutilyapti. Eng muhimi, ilmiy klasterlar loyihalarini moliyalashtirish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 150 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi mumkin. Loyihalar professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilar salohiyati, xalqaro va milliy reytinglardagi o‘rin, ilmiy infratuzilma hamda hamkorlarning qo‘shma moliyalashtirish imkoniyatlari asosida tanlanadi.
Bu mablag‘ning ahamiyatini faqat raqam bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Agar ilmiy g‘oya ishlab chiqarishda qo‘llansa, yangi mahsulot paydo bo‘ladi. Yangi mahsulot esa bozor, eksport, investitsiya va ish o‘rinlarini anglatadi. Ya’ni universitetda boshlangan tadqiqot oxir-oqibat iqtisodiyotda o‘z aksini topishi kerak.
Yangi yondashuvda universitetning faoliyati ham natija bilan o‘lchanadi. 2027-yil 1-yanvardan boshlab oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirishni ularning milliy reytingdagi natijalari bilan bog‘lash nazarda tutilgan. Reytingda ta’lim sifati bilan bir qatorda ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish, bitiruvchilarning ish bilan ta’minlangani kabi ko‘rsatkichlar ham inobatga olinadi.
Bu yerda bitiruvchining taqdiri alohida ahamiyat kasb etadi, chunki universitet faoliyatining haqiqiy natijasi auditoriyadagi talabalar soni yoki berilgan diplom bilan emas, ularning olgan bilimi qayerda va qanday ishlayotgani bilan ham belgilanadi. Shu maqsadda “Karera” elektron platformasi, “Bitiruvchi sifati indeksi”ni joriy etish rejalashtirilgan. Talabaning ta’lim davridagi natijalari esa raqamli shaklda jamlanadigan “talabaning raqamli pasporti” orqali kuzatib boriladi. Bunday tizim talaba uchun ham muhim. U bilimi, ko‘nikmasi va yutuqlarini ish beruvchiga aniq ko‘rsata oladi. Ish beruvchi esa kerakli mutaxassisni tasodifiy tanlov emas, uning real salohiyati asosida izlaydi.
Oliy ta’lim islohotlarining yana bir muhim jihati ilmiy tadqiqotlarning amaliy natijadorligini oshirish. Yangi tizimda ilmiy loyihalarning texnologik tayyorlik darajasini baholash, sun’iy intellekt yordamida ilmiy ekspertizani takomillashtirish, yoshlarni innovatsion faoliyatga jalb etish, startaplarni inkubatsiya va akseleratsiya qilish mexanizmlari kuchaytiriladi. Oliy ta’lim muassasalarida endovment jamg‘armalarini tashkil etish va investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish ham nazarda tutilgan. Aslida, bu jarayon g‘oya, tadqiqot, texnologiya, startap, mahsulot, bozor zanjirni shakllantiradi.

Endi tadqiqotning boshidanoq uning texnologik tayyorligi, tijoratlashtirish imkoniyati va iqtisodiy samarasiga e’tibor qaratilishi belgilanmoqda.
Prezident 2026-yil 25-may kuni ilmiy kadrlar tayyorlash va ilm-fanni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan yig‘ilishda ham ilmiy tadqiqotlarning amaliy ahamiyati, ilmiy kadrlar sifati, akademik halollik va zamonaviy boshqaruv masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Bu o‘zgarishlar allaqachon yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari misolida ko‘rina boshladi. 2026-yil 22-iyul kuni Prezident “Cyber University” faoliyati bilan tanishdi. Muassasada qariyb 1 ming talaba tahsil olmoqda. Bu yerda axborot va kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va robototexnika, kiberhuquq, raqamli kriminalistika, kiberiqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda 8 ta bakalavriat va 2 ta magistratura dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Qayd etilishicha, bu raqamlar ortida mamlakat raqamli iqtisodiyoti uchun zarur kadrlar turibdi. Chunki texnologiya qanchalik tez rivojlanmasin, uni yaratadigan, boshqaradigan va xavfsizligini ta’minlaydigan mutaxassis bo‘lmasa, natija kutilgan darajada bo‘lmaydi. Shu bois ta’lim muassasalarida robototexnika, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlarning kengayishi mehnat bozoridagi yangi talabga javobdir.
O‘zbekiston oliy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishda xalqaro hamkorlikni ham yangi mazmun bilan boyitmoqda. Yaponiya bilan hamkorlik doirasida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi va suv resurslari, “yashil” energetika, seysmologiya va “aqlli shahar” kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Universitetlar o‘rtasida innovatsion konsorsiumlar tashkil etish, muhandislik ta’limini takomillashtirish va ta’lim dasturlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy qilishga e’tibor qaratildi. Bunday hamkorlikning qiymati xorijiy diplom yoki qo‘shma tadbirlar bilan cheklanmaydi. Asosiy natija ilg‘or tajriba, yangi texnologiya va tadqiqot madaniyatining mamlakatga kirib kelishidir.
– Oliy ta’lim tizimidagi yangi yondashuv aynan intellektual salohiyatni kuchaytirish va ilm-fanni amaliyot bilan bog‘lash nuqtai nazaridan baholanadi, – deydi akademik Shuhrat Sirojiddinov. – Aytaylik, “5 T” tamoyili universitetlarni xalqaro raqobatbardosh markazlarga aylantirishga xizmat qiladi. Bunda ta’lim, ilm-fan va ijtimoiy amaliyot o‘rtasidagi uzilishlarni bartaraf etish muhim. Zamonaviy tadqiqot real iqtisodiy ehtiyojlarga javob berishi va tijoratlashtirilishi kerak. Universitetlar iqtidorli yoshlar uchun intellektual markazga aylanishi lozim.
Bugun universitetning eshigi auditoriyadan korxonaga, laboratoriyadan bozorga ochilishi kerak. Talaba olgan bilimini ishga sola olishi, olimning kashfiyoti amaliyotga yetib borishi, tadbirkor esa universitetda yaratilgan texnologiyani ishlab chiqarishga joriy qilishi islohotlarning eng muhim natijalaridan biri bo‘ladi.
Kechagi universitet asosan kadr tayyorlagan bo‘lsa, bugungi oliy ta’lim dargohlari kadr bilan birga g‘oya, texnologiya, startap va iqtisodiy qiymat ham yaratishi kerak. Ana shunda oliy ta’lim tizimi mamlakat taraqqiyotini kuzatib boruvchi emas, balki uni oldinga boshlovchi kuchga aylanadi.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA muxbiri