Bilim va tarbiyaga bag‘ishlangan umr
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jamoat xavfsizligi universitetida 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Unda Milliy gvardiya qo‘mondonligi, harbiy xizmatchilar, professor-o‘qituvchilar, murabbiylar, faxriylar hamda bayram munosabati bilan taqdirlangan xodimlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida sana munosabati bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘qituvchi va murabbiylarga bayram tabrigi yetkazildi.
Shundan so‘ng tantanali marosimning asosiy qismi — o‘z vazifasini sidqidildan bajarib, xizmatda ibrat ko‘rsatayotgan harbiy xizmatchilar va xodimlarni taqdirlash marosimiga navbat berildi.
Jumladan, «Namunali xizmatlari uchun», «Milliy gvardiya fidoyi xodimi», «Samarali hamkorlik uchun», «Ma’naviyat a’lochisi» ko‘krak nishonlari hamda Faxriy yorliqlar bilan jami 26 nafar harbiy xizmatchi va xodim taqdirlandi.
Ustoz mehnati har qanday mukofotdan ulug‘, e’tirof esa insonga yanada mas’uliyat yuklaydi.
— Bugungi bayram biz, ustozlar uchun nafaqat quvonchli sana, balki zimmamizdagi mas’uliyatni yana bir bor his qilish kunidir. Yoshlarga bilim berish bilan birga, ularni Vatanga sadoqat, insonparvarlik va mas’uliyat ruhida tarbiyalashni o‘zimiz uchun sharaf deb bilamiz, — deydi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti Asror Sattorov.
Tadbirda ustoz va murabbiylarning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni, ularning ko‘p yillik mehnati va kasbiga sadoqati haqida ham so‘z yuritildi.
— Ustozning mehnati doimo e’tibor va hurmatga loyiq. Shogirdlarimizning yutug‘ini ko‘rish, ularning yaxshi inson bo‘lib kamol topayotganidan quvonish — biz uchun eng katta mukofot, — deydi 58-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Dilnoza Qurbonova.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijro etildi. Taqdirlanganlar o‘z minnatdorlik va ezgu tilaklarini bildirib, kasbiy faoliyatida bundan buyon ham sidqidildan xizmat qilishlarini ta’kidladi.
Bayramning badiiy qismida esa Milliy gvardiya ashula va raqs ansambli xonandalari, universitet kursantlari hamda Milliy gvardiya harbiy musiqa akademik litseyi o‘quvchilari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Samimiy chiqishlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA