Bilim va tafakkur, umid va orzular bayrami
Mamlakatimizning barcha hududlaridagi umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili boshlandi. Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 298-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham yangi o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir ma’rifat, bolalik va beg‘uborlik bayrami sifatida bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirga maktab o‘quvchilari, ustozlar, ota-onalar hamda ta’lim sohasi mutasaddilari taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga tabrigini maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Temurjon Komilov o‘qib eshittirdi.
Mazkur tabrik orqali davlatimiz rahbari shunday quvonchli ayyomda beg‘ubor nigohlarida hayrat va hayajon uchqunlari porlab, katta orzu-intilishlar bilan maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan 800 ming nafarga yaqin o‘g‘il-qizlarimizga, ota-onalar va pedagoglar jamoatchiligiga o‘zining ezgu tilaklarini bildirdi.

Tantanali tadbirda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli yangi O‘zbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etib, ta’lim sifati takomillashib bormoqda. Shunday muhitda ulg‘ayib, kamolga yetayotgan, o‘qish, kasbiy ta’lim, zamonaviy axborot texnologiyalari, ijodiy izlanishlar, sport va jamoat ishlaridagi dastlabki yutuqlari bilan ota-onalar hamda ustozlarni xursand qilayotgan o‘g‘il-qizlar mamlakatimizning nurli kelajagidir.
– Mamlakatimizdagi barcha maktablarda bugun birinchi qo‘ng‘iroq sadolarining yangrashi bilim va tafakkur bayrami tarzida nishonlanmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Temurjon Komilov. – Prezidentimizning 1-sinf o‘quvchilari uchun sovg‘alari bolajonlarni juda ruhlantiradi. Yangi o‘quv yiliga darsliklar va zarur barcha vositalarni tayyorlash bilan birga, bolalarning xavfsizligini ta’minlashga ham jiddiy e’tibor qaratildi.
Aytish kerakki, ushbu maktabda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari butun yozgi ta’til davomida olib borilgan.
– Yangi o‘quv yiliga yoz mavsumi davomida puxta tayyorgarlik ko‘rildi, – dedi 298-maktab direktori Sherali Rustamov. – Pedagoglarning bilimi, kasbiy malaka va mahoratini oshirishga jiddiy ahamiyat qaratildi. Qo‘shimcha yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Maktabimizda 3463 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bu yil birinchi sinfga 415 nafar o‘g‘il-qiz qabul qilindi. Bitiruvchilarimizning oliy ta’lim muassasalariga kirishida ham sezilarli ijobiy natijalarga erishildi.
Yangi o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirda Vatan, Mustaqillik, yoshlarga qaratilayotgan e’tiborni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar yangradi. Bolajonlar bilan interfaol muloqotlar tantanaga yanada samimiy ruh, zavq va beg‘uborlik bag‘ishladi.
Qalblarni hayajonga solgan, o‘quvchilarni yangi orzular sari undagan, kattalarning bolalik yillarini xotirada jonlantirgan birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yangradi. Birinchi sinfga ilk bor qadam qo‘ygan jajjilarga Prezidentimizning sovg‘alari topshirildi.
[gallery-31200]
Ilk saboqda yangi O‘zbekistonning dadil taraqqiyot odimlari, Mustaqillik, hurriyat va ozodlik, maktab va kitoblarning mo‘’jizaviy dunyosi haqida o‘quvchilarga batafsil ma’lumotlar berildi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA muxbiri