Bilim va ijod uyg‘unlashgan maskan
FOTOREPORTAJ
Andijon shahridagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, qiziqish va qobiliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Ayni paytda ta’lim muassasasida 2 ming 670 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 124 nafar pedagog saboq bermoqda.
Maktabda o‘quvchilarning mustaqil fikrlashi, izlanishi va o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Fan to‘garaklari orqali o‘quvchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarini oshirishga keng imkoniyat berilgan.
Xususan, yuqori sinf o‘quvchilari uchun biologiya faniga ixtisoslashtirilgan mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan. Ularda nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, fanga qiziqishni kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
[gallery-31474]
Rasm chizish va qo‘l mehnati to‘garaklari esa o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Mashg‘ulotlar davomida ularning estetik didi, mehnatsevarligi va yaratuvchanlik qobiliyatini shakllantirishga e’tibor qaratiladi.
Boshlang‘ich sinflarda darslarni qiziqarli va samarali tashkil etish uchun zamonaviy pedagogik usullardan foydalanilmoqda. Bu jarayon bolalarning dastlabki bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashi, darslarda faol ishtirok etishi uchun muhim omil bo‘lmoqda.
Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida ham o‘quvchilarning sportga qiziqishini oshirish, ularni faol hayot tarziga yo‘naltirishga alohida ahamiyat beriladi.
Ta’lim muassasasida bilim berish bilan birga, yosh avlodning qobiliyat va qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularda zarur hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga kompleks yondashuv asosida ish olib borilmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA