“Bilim ring” zakovat o‘yinida g‘olib jamoa nomi aniq bo‘ldi
Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tashabbusi bilan yosh sportchilar o‘rtasida tashkil etilgan “Bilim ring” zakovat o‘yinining respublika final bosqichi yuqori kayfiyatda qizg‘in bahslarga boy tarzda o‘tdi.
Mazkur intellektual loyiha yosh sportchilarning bilimga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mantiqiy fikrlash, tezkor tahlil qilish va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Tanlovning hududiy saralash bosqichlarida mamlakat bo‘ylab 7000 nafarga yaqin o‘quvchi-sportchi ishtirok etdi. Saralash jarayonlari yakuniga ko‘ra, respublika bosqichiga eng kuchli 15 ta jamoa yo‘llanma oldi.

Bellashuvlar davomida ishtirokchilar tarix, sport, adabiyot, ilm-fan va mantiqqa oid turli savollar bo‘yicha o‘z bilim va tafakkurini sinovdan o‘tkazdi. Musobaqa jarayonida jamoalarning zukkoligi, hozirjavobligi va ahilligi yaqqol namoyon bo‘ldi.

Final bahsida Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda Samarqand olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Murosasiz kechgan hal qiluvchi bahsda Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi jamoasi g‘olib bo‘ldi.

Ta’kidlash joiz, mazkur loyiha sportchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda har tomonlama yetuk, bilimli yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Samandar Isoqov,
O‘zA