Bilim imkoniyat bersa mustaqil fikrlaş undan töğri foydalanişga yöl oçadi
Axborot oqimi kuçaygan va raqamli texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismiga aylangan davrda taʼlimning asosiy vazifasi faqat bilim berişdan iborat bölib qolmayapti.
Endi öquvçining maʼlumotni tahlil qilişi, unga tanqidiy yondaşişi, öz fikrini dalillar bilan asoslaşi hamda mustaqil xulosa çiqara olişi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xöş, bugungi taʼlim tizimida öquvçiga köproq maʼlumot beriş muhimmi yoki uni mustaqil fikrlaşga örgatişmi? Bu boradagi muvozanat qanday bölişi kerakligi muhim masala.
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, akademik Xolboy Ibraimov ÖzA muxbiri bilan şu mavzuda suhbatda böldi. Uşbu dolzarb masala yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar quyida havola qilinadi.
Yodlaş va fikrlaş – qarama-qarşi tuşunçalar emas
Yodlaş va mustaqil fikrlaş tuşunçalarini bir-biriga qarama-qarşi qöyiş töğri emas. Çunki ikkisi ham insonning intellektual rivojlanişida muhim örin tutadi. Inson maʼlum bir bilim va maʼlumotlarni özlaştirmasdan turib, ular asosida mustaqil xulosa çiqarişi qiyin.
Biroq masalaning muhim jihati şundaki, taʼlim jarayoni faqat maʼlumotlarni eslab qoliş bilan çeklanib qolmasligi kerak. Öquvçi örgangan bilimidan foydalana olişi, uni tahlil qilişi, hayotiy vaziyatlarga tatbiq etişi va yangi yeçimlar topişi zarur. Bugun bizga maʼlumotni şunçaki yodlab oladigan emas, balki uning mazmunini anglaydigan, savol beradigan, fikr yuritadigan va öz qaraşlarini asoslay oladigan yoşlar kerak.
Zamon özgaryapti, axborot oliş imkoniyatlari kengaymoqda. Ilgari maʼlumot topişning özi katta masala bölgan bölsa, bugun internet va raqamli texnologiyalar orqali istalgan maʼlumotni qisqa vaqtda oliş mumkin. Ammo maʼlumotning köpligi insonning bilimli yoki mustaqil fikrlaydigan bölib qolişini anglatmaydi. Aksinça, axborotni saralaş, uning işonçliligini tekşiriş, haqiqat va soxta maʼlumotni farqlaş kabi könikmalarga ehtiyoj ortib bormoqda. Şuning uçun taʼlim muassasalarida öquvçiga faqat nimani biliş kerakligini emas, balki qanday fikrlaş, qanday izlaniş va qanday xulosa çiqarişni ham örgatişimiz lozim.
Xato qilişdan qörqmaslik kerak
Amaliyotda ayrim öquvçilar darsda faol qatnaşişdan, öz fikrini bildirişdan yoki savol berişdan tortinişi kuzatiladi. Bu holatning bir neçta sababi bor. Avvalo, taʼlim jarayonida öqituvçi asosiy axborot manbai, öquvçi esa uni qabul qiluvçi sifatida namoyon böladigan yondaşuv hali ham uçrab turadi. Bunday şaroitda öquvçi mustaqil izlanişdan köra, tayyor maʼlumotni özlaştirişga köproq örganib qoladi.
Şuningdek, baʼzi öquvçilar notöğri javob berişdan, tengdoşlari yoki öqituvçisi oldida xato qilişdan qörqadi. Aslida esa savol beriş, bahslaşiş, xatoga yöl qöyiş va uni tuzatiş ham örganiş jarayonining tabiiy qismi hisoblanadi. Pedagog öquvçining har qanday fikrini eşitişga, uning qaraşlariga hurmat bilan munosabatda bölişga tayyor bölişi kerak. Eng muhimi, bolada «Men ham fikr bildira olaman, mening qaraşim ham ahamiyatli» degan işonçni şakllantiriş zarur.
Fikr tarbiyasi qaysi yoşdan boşlanadi?
Mustaqil fikrlaş qobiliyatini şakllantirişni maktab yoşigaça bölgan davrdan boşlaş kerak. Çunki bolaning qiziquvçanligi, atrof-muhitni bilişga intilişi, turli savollar berişi aynan ilk yoşlarda yaqqol namoyon böladi. Masalan, maktabgaça taʼlim yoşidagi bola «Nega osmon kök?», «Nima uçun yomğir yoğadi?» kabi savollar beradi. Kattalarning vazifasi esa bu savollarga şunçaki javob beriş emas, balki bolani öylaşga, kuzatişga va mustaqil javob topişga yönaltirişdir.
Keyingi taʼlim bosqiçlarida bu könikmalar murakkablaşib boradi. Boşlanğiç sinflarda bola öz fikrini ifodalaşga, umumiy örta taʼlimda dalillaş va taqqoslaşga, professional hamda oliy taʼlimda esa muammolarni mustaqil tahlil qiliş va tadqiqot olib borişga örganişi lozim.
Bu borada öqituvçining şaxsiy namunasi juda muhim. Çunki u faqat bilim beruvçi emas, balki öquvçining dunyoqaraşi va fikrlaş madaniyati şakllanişiga taʼsir körsatuvçi şaxs hamdir. Agar pedagog öquvçilardan mustaqil fikrlaşni talab qilsa-yu, özi ularning fikrini eşitmasa, har bir savolga tayyor javob beriş bilan çeklansa, bunday muhitda mustaqil fikrlaşni rivojlantirib bölmaydi. Baʼzan öqituvçining dars davomida kamroq gapirib, öquvçilarni köproq fikrlaşga undaşi kattaroq natija beradi.
Sunʼiy intellekt va tayyor javoblarga tobelik
Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektning taʼlim jarayoniga kirib kelişini bir tomonlama baholab bölmaydi. Ularning imkoniyatlari juda katta. Töğri foydalanilsa, bu vositalar qöşimça bilim oliş, maʼlumotlarni taqqoslaş, murakkab masalalarni örganiş va yangi ğoyalarni şakllantirişda samarali xizmat qiladi.
Biroq tayyor javoblarga haddan taşqari tayaniş mustaqil izlanişga bölgan ehtiyojni kamaytiriş ehtimoli ham bor. Masalan, öquvçi biror mavzu böyiça vazifani sunʼiy intellekt yordamida bajarib, uning mazmunini tuşunmasdan topşirişi mumkin. Şuning uçun yoşlarga texnologiyalardan foydalaniş bilan birga, olingan maʼlumotni tekşiriş, tahlil qiliş va unga tanqidiy yondaşişni örgatişimiz kerak. Texnologiya insonning fikrlaşi örnini egallamasligi, aksinça, uning imkoniyatlarini kengaytirişi lozim.
Oila va maktab hamkorligining örni
Bolaning fikrlaş madaniyati faqat maktabda şakllanmaydi. Oiladagi muhit, ota-onaning farzandi bilan muloqoti, uning savollariga munosabati ham bu jarayonga bevosita taʼsir körsatadi. Agar ota-ona bolaning fikrini tinglasa, uning qiziqişlarini qöllab-quvvatlasa, oilada turli mavzularda suhbat va muhokamalar taşkil etilsa, bolada öz fikrini erkin ifodalaş könikmasi rivojlanadi.
Şuning uçun taʼlim muassasasi va oila örtasidagi hamkorlik faqat davomat yoki özlaştirişni nazorat qiliş bilan çeklanmay, bolaning intellektual va maʼnaviy rivojlanişini ham qamrab olişi zarur.
Yakuniy natija emas, fikrlaş jarayoni baholanişi kerak
Fikr tarbiyasi qay darajada şakllanganini faqat test yoki anʼanaviy baholaş orqali aniqlaş qiyin. Çunki mustaqil fikrlaş insonning turli vaziyatlarda özini namoyon qilişi bilan boğliq.
Öquvçi muammoga mustaqil yondaşa oladimi, öz fikrini dalillar bilan asoslaydimi, boşqa insonning qaraşini tinglaydimi, maʼlumotlarni taqqoslaydimi, muammoga bir neçta yeçim taklif qila oladimi? Ana şu jihatlar muhim mezonlar hisoblanadi. Bundan taşqari, öquvçining öz xatolarini anglaşi, fikrini yangi maʼlumotlar asosida qayta körib çiqişi ham fikrlaş madaniyati rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Eng avvalo, farzandlarimiz va öquvçilarimizning fikrini tinglaşni örganişimiz kerak. Ularga tayyor javoblarni berişga şoşilmasdan, mustaqil öylaşlari uçun imkoniyat yaratişimiz zarur.
Taʼlimning haqiqiy natijasi faqat öquvçining qança maʼlumotni eslab qolgani bilan emas, öşa bilimlar asosida qanday fikr yurita olişi, qanday qaror qabul qilişi va hayotda qanday foydalana bilişi bilan belgilanadi. Zero, bilim insonga imkoniyat beradi, mustaqil fikrlaş esa ana şu imkoniyatdan töğri foydalanişga yöl oçadi.
ÖzA muxbiri Xamroz Bayonov yozib oldi.