Beshterak qishlog‘i tokzorlari bilan mashhur
Ayni kunlarda bog‘u dalalarda kech kuzgi hosillarni yig‘ishtirib olish mavsumi. Bog‘dorchilik, dehqonchilik, kechki poliz ekinlari barcha-barchasi pishib yetildi. Dehqonlarning tili bilan aytganda kuzda pishib yetilgan hosil yozdagiga qaraganda juda mazali va sifatli bo‘ladi.
Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani bog‘bonlari uzumchilikda ham o‘ziga xos maktab yaratgan. Ayni kunlarda esa tumandagi barcha tokzorlarda kechki uzumlarni yig‘ib terib olish mavsumi boshlangan.
Tumandagi “Paxtaobod” MFY Beshterak qishlog‘i bog‘bonlarining ham shu kunlarda ishlari qizg‘in. Hamma tokzorlarda oilaviy ish bilan band.
Hududdagi bog‘bon Shamsiddin Yuldoshevning ham tokzorida hashar. Oila a’zolari, qarindosh urug‘ hamma shu yerda. Kimdir uzumlarni uzib yashiklarga joylasa, boshqasi tashimoqda, yana boshqa birov ularni saralab qutiga joylamoqda.
Tok navlaridagi sadafdek yaltirab turgan uzum boshlari quyoshda toblanadi. Ularning ayni shiraga engan mahali.
– 10 yildan buyon uzumchilik bilan mashg‘ulman, – deydi Sh.Yuldoshev. – O‘tgan yili tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, 60 sotix joyda dehqon xo‘jaligi tashkil qilib, 30 yilga shartnoma qildik. U yerda husayni, sultoni, toifi, kishmish kabi uzum navlari ekilgan. Ilgari bu uzumzor fermer xo‘jaligiga qarashli edi. Shu yerda oilaviy mehnat qilamiz. Yoz bo‘yi parvarishlaymiz. Kerakli agrotexnik tadbirlarni olib boramiz. 15 tonnagacha hosil olamiz. Hali ko‘chatlar yosh. Kechki toifi uzumlarni muzlatkichga qo‘yamiz. Bayram oldi bozorga chiqaramiz. Shundan yiliga 50-60 million so‘m daromad qilamiz. Shukr mehnatga yarasha rohatini ham ko‘ryapmiz.
Uzumlarni saralab yashiklarga joylash bilan asosan ayollar shug‘ullanadi. Tokzor boshida ushbu ish bilan mashg‘ul bo‘lgan xotin-qizlar bilan ham suhbatlashdik.
– Uzumlar qanchalik sifatli bo‘lsa, shuncha kayfiyat bilan ishlaymiz, – deydi bog‘bonning turmush o‘rtog‘i Nigora Negmatova. – Terim mavsumi 10-15 kun davom etadi va biz ayollar uchun bayramdek o‘tadi. Boisi hamma xotin-qizlar to‘planib, bugun biznikida, ertaga qo‘shninikida, keyin yana boshqanikida hasharda qatnashamiz. Boisi qishlog‘imizda tokzori yo‘q odamning o‘zi yo‘q. Shu bahona bir-birimiz bilan dardlashamiz, dildan suhbatlashamiz.
Darhaqiqat, qishloq atrofidagi qaysi dalaga bormang qator qilib ekilgan tokzorlarni guvohi bo‘lasiz. Qishloq bog‘bonlari o‘tgan asrning 80-yillaridan buyon hudud uzumchilikka ixtisoslashganini ta’kidlaydi.
– Dastlab toifi navli uzum Arabistondagi Toif shahridan tumandagi Xo‘ja Imkonagi ziyoratgohi atroflariga olib kelib ekilgan. Bu 8-9 asrlarga to‘g‘ri keladi, – deydi “Sayfullo Fayzulla” fermer xo‘jaligi rahbari Nasrullo Nazarov. – Soyuz paytida qalamchadan ko‘paytirilib Tojikistonga olib ketilgan. 80 yillarda paxta maydonlari qisqartirilib, bizda ham ommaviy ko‘paytirildi. Hozirgi kunda toifining 5-6 xil turi yetishtirilmoqda. Oktyabrning boshlariga kelib shiraga ena boshlaydi. Tanasi ham sovuqqa chidamli. 3 gektar maydonda uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tashkil qilganmiz. Hosilimiz asosan eksportga yo‘naltiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda jami 9 ming 160 gektar bog‘ mavjud bo‘lib, shundan 5 ming 691 gektari tokzor, 767 gektarini anorzorlar tashkil etadi. Eksportga 10 ming tonna toifi navli uzum, 3000 tonna anor mahsuloti eksportga yo‘naltirilgan bulib, 510 xo‘jalik tomonidan yetishtirilmoqda.
Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Kitob tuman bo‘limi tomonidan mavjud bog‘lar nazorat qilinib, bog‘bonlarga kerakli tavsiyalar berib borilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari