Beshariqda xandon pista terimi boshlandi
Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligining Beshariq tumani adirliklaridagi maydonlarda pista terimi boshlandi.
Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligining Beshariq tumani adirliklaridagi maydonlarda pista terimi boshlandi.
Xandon pista yuqori parhez mahsulot boʻlib, tarkibida foydali mikroelementlar – yogʻ, oqsil va qandga boyligi bilan xalq tabobatida keng foydalaniladi. Abu Ali ibn Sinoning tabobatga oid asarlarida jigar va oshqozondagi qator kasalliklarni davolashda yaralarni bitiruvchi vosita sifatida pistaga katta oʻrin ajratilgan. Pista surunkali oʻpka kasalliklarini davolashda ham qoʻllaniladi. Ming yillar davomida Sharqda pistani odam vujudidagi zararli moddalarni chiqaruvchi davo vositasi, deb hisoblashgan.
– Xandon pista koʻchatini parvarishlash dehqondan eʼtibor va tajriba talab qiladi, – deydi oʻrmon xoʻjaligi rahbari Mansurxoʻja Xoʻjayev. – Boisi, bu oʻsimlikning ham oʻziga xos injiqliklari bor. Faqat koʻchat oʻtkazishda pista ikki uyli ekanini, yaʼni navi borligini unutmaslik kerak. Odatda, erkak navlar hosil bermaydi, ona navlarning serhosil boʻlishi esa ularning bir joyda parvarishlanishiga bogʻliq. Shu bois, har oʻnta ona navdan keyin bitta erkak navni shamolning esish tomoniga qarab ekish tavsiya etiladi. Pista daraxti ming yilgacha umr koʻradi. Ammo shunga munosib tarzda oʻsish suratlari ham sekin.
Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligida xandon pista koʻchatlarini ekish bundan salkam 20 yil avval boshlagan. Beshariqning qoʻshni Tojikiston bilan chegara hududlaridagi qirliklarda ekilgan pistalar joriy yildan bir tekis hosilga kirdi. Aytishlaricha, endi har bir daraxt yiliga bir kilogrammdan hosilga hosil qoʻshib boraverar ekan.
Pistaning oʻsish darajasi sustligi inobatga olinib, xoʻjalikda yer maydonlari intensiv uslubga oʻtkazildi. Pistazorlar oralarida bodom, shaftoli kabi daraxtlar ham parvarishlanmoqda.
Oxirgi uch yil davomida oʻrmon xoʻjaligi hududidagi suvsizlikdan qaqrab yotgan tosh, shagʻalli hamda oʻta zax, yer osti sizot suvlari koʻtarilib ketgan shoʻr yerlardan 2500 gektardan ziyodi oʻzlashtirilib pistazor, bodomzor va madaniy oʻrmonzorlar barpo etishga kirishildi. Dashtga suv chiqarilib, birgina “Asad”, “Shomirza” oʻrmonchilik boʻlimlari hududida tik quduqlar kavlandi. Yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida 400 nafarga yaqin yigit-qizga yer maydonlari ajratib berilib, yangidan mevali bogʻlar barpo qilinmoqda.



