Besh yillik rivojlanish istiqbollari muhokama etildi
Media sohasida doimiy rejalarni, kelgusidagi istiqbollarni belgilab olish faoliyatning yanada samarali kechishida asosiy omil sanaladi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent shahar bo‘limining umumiy yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari va jamoatchilik faollari ishtirok etgan tadbirda hududiy bo‘limning 2021–2025-yillardagi faoliyati sarhisob qilindi va kelgusi besh yillik rivojlanish istiqbollari muhokama etildi.

Yig‘ilish davomida Uyushma bo‘limi tomonidan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlarni tayyorlash va media sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar hisoboti tinglandi. Shuningdek, Nazorat-taftish komissiyasining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha hisoboti ham ma’qullandi.

Kun tartibiga asosan bo‘lim boshqaruvining yangi tarkibi tasdiqlandi. 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining navbatdagi konferensiyasiga poytaxtdan delegatlar saylandi.

Yig‘ilish qaroriga ko‘ra, “O‘zbekiston 24” radiokanali bosh muharriri Xudoynazar Do‘stqobilov O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent shahar bo‘limi raisi etib saylandi.
Tadbir yakunida bo‘lim faoliyatini yanada takomillashtirish, jurnalistlarning kasbiy salohiyatini oshirish va media sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.
N.Usmonova,
O‘zA