Besh yillik aliment pulini oldindan to‘lab berdi
Yurtimiz umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Ayni kunlarda ota-onalar farzandlari uchun o‘quv anjomlari, maktab formalari, mavsumiy kiyimlar sotib olish bilan band. Bu esa albatta, mo‘maygina mablag‘ talab etadi. Ajrashib, farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan onalar bu yumushlarni ado etishda qiyinchiliklarga to‘qnash kelishlari turgan gap. Shu sabab ham aynan mana shu davrda aliment pullarini undirish bo‘yicha fuqarolardan kelib tushadigan murojaatlar soni keskin ortadi.
– Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi, uning shahar, tuman bo‘limlari tomonidan aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash, aliment pullarini o‘z vaqtida undirish borasida zarur ishlar olib borilmoqda, – deydi MIB Shahrixon tuman bo‘limi davlat ijrochisi Jamshidbek Yunusaliyev. – Olib borilayotgan targ‘ibot, tushuntirish ishlari natijasida undiruv samaradorligi ortib, aliment pullarini oldindan to‘lash istagini bildirayotgan fuqarolar soni ham ko‘paymoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan, shahrixonlik qarzdor ota B.X.dan sobiq turmush o‘rtog‘i D.M. foydasiga bir nafar farzandining ta’minoti uchun aliment undirilishi belgilangan.
Tushuntirish ishlaridan so‘ng qarzdor B.X. joriy yil avgust oyidan 2028 yil avgust oyiga qadar, ya’ni besh yillik davr uchun hisoblangan 66 million 245 ming 939 so‘m miqdordagi aliment pulini oldindan to‘lab berdi.
Farzand ta’minoti uchun moddiy yordam ko‘rsatish har bir otaning ham insoniy, ham qonuniy burchi hisoblanadi. Otalar ana shu burchni aslo unutmasliklari, har qanday vaziyatda zimmalaridagi mas’uliyatni ado etishlari lozim.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA