Besh tashabbus olimpiadasi yoshlarni birlashtiradi
Munosabat
Soʻnggi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sport bilan shugʻullanadiganlarning sonini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, oxirgi besh yil ichida yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga jalb qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasida jami 10 824 214 kishi (shundan 3 893 452 nafari xotin-qizlar), yoki aholining 27,6 foizini ommaviy sport bilan qamrab olishga erishildi.
Shuni alohida eʼtirof etish joizki, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanadigan fuqarolarning sonini oshirish Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining 67-maqsadida ham oʻz aksini topgan. Xususan, unda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanadigan aholi sonini 2026-yilda 33 foizga yetkazish, yoshlar oʻrtasida milliy sport turlarini ommalashtirish, milliy olimpiada sport oʻyinlarini oʻtkazish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish, uni yuqori darajada tashkil etish hamda gʻolib va sovrindorlarni munosib ragʻbatlantirish vazifalari belgilangan.
2022-yil 11-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi.
Mazkur qaror bilan quyidagilar ommaviy sportni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari sifatida belgilandi:
– mahallalarda ommaviy sport bilan shugʻullanish uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash va sport inshootlarini zamonaviy sport jihozlari bilan taʼminlash, shuningdek, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun tegishli sport infratuzilmasini yaratish;
– aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish;
– ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanuvchi oilalarga mahallalar va istirohat bogʻlarida sharoit yaratish va oilaviy sportni ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish;
– oʻquvchilari gʻolib va sovrindor boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari va sport-taʼlim muassasalarining trenerlari mehnatini munosib ragʻbatlantirish.

2022-yildan boshlab har yili anʼanaviy tarzda 30-iyun – Yoshlar kuni hamda dekabr oyidagi “Yoshlar forumi” doirasida sportning futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari boʻyicha besh bosqichli ommaviy sport musobaqalari oʻtkaziladi.
Birinchi bosqichda – koʻchalararo mahalla musobaqalari, ikkinchi bosqichda – mahallalararo sektor musobaqalari, uchinchi bosqichda – sektor musobaqalarida gʻolib boʻlgan mahalla jamoalari oʻrtasida tuman (shahar) musobaqalari, toʻrtinchi bosqichda – tuman (shahar) musobaqalari gʻolib mahalla jamoalari oʻrtasida viloyat musobaqalari, beshinchi bosqichda – viloyat musobaqalarida gʻolib boʻlgan mahalla jamoalari oʻrtasida respublika (final) musobaqalarini tashkil etish belgilandi. Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida kitobxonlik, madaniyat va sanʼat, intellektual oʻyinlar, axborot texnologiyalari tadbirlari oʻtkaziladi.
Mazkur qaror bilan 2023-yil 1-martdan boshlab olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini oʻtkazish tizimi joriy qilinadi. Birinchi bosqichda – tuman (shahar), ikkinchi bosqichda – viloyat, uchinchi bosqichda – respublika (final) musobaqalari tashkil etiladi.
Hujjatga binoan, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarini tizimli tashkil etish va oʻtkazish uchun Davlat byudjetidan 2022-yildan boshlab har yili 50 milliard soʻm miqdorda mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.
Qarorning yana bir ahamiyatli jihati, bolalar-oʻsmirlar sport maktabi direktorining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha oʻrinbosari lavozimini joriy etish vazifasi belgilandi.
Oʻz oʻrnida aytish joizki, hujjatga muvofiq “Besh tashabbus olimpiadasi” hamda olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalari davomida gʻolib va sovrindorlarni (1-3 oʻrin) tayyorlagan umumiy oʻrta taʼlim maktablarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari va sport-taʼlim muassasalarining trenerlari malaka attestatsiyasiga jalb etilmaydi va ularga toʻgʻridan-toʻgʻri malaka toifalari beriladi.
Jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari hamda taniqli va faxriy sportchilar tomonidan 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilarning qiziqishlari, talab va istaklaridan kelib chiqqan holda kamida bitta sport turi boʻyicha toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish natijasida mahallalarda ommaviy sport bilan shugʻullanish uchun moddiy-texnik baza mustahkamlanadi, sport inshootlari zamonaviy sport jihozlari bilan taʼminlanadi, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun tegishli sport infratuzilmasi yaratiladi, umumiy oʻrta taʼlim maktablarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari va sport-taʼlim muassasalarining trenerlarini munosib ragʻbatlantirish mexanizmi yoʻlga qoʻyiladi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, qabul qilingan qaror mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanadigan aholining ortishi hamda jismonan sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Anvarjon MIRKOMILOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi.
OʻzA