Besh tashabbus olimpiadasi: Eng kuchli gandbol jamoalari Toshkentda aniqlanadi
Bugun, 9-sentabr kuni poytaxtimizda “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘yinlari doirasida gandbol bo‘yicha erkaklar jamoalari o‘rtasida “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kubogi”ning respublika bosqichi final bahslarining guruh bosqichidagi o‘yinlar boshlandi.
Kecha musobaqa uchun tashlangan qur’a natijalariga ko‘ra, hududiy bosqichlarda g‘oliblikka erishgan 14 ta jamoa 4 ta guruhga taqsimlandi.

Qur’a tashlash marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston gandbol federatsiyasi bosh kotibi Ismoil Matxoliqov o‘yinlarning ahamiyati xususida to‘xtalib, “Besh tashabbus olimpiadasi” iqtidorli yoshlarni aniqlash, yuqori natijaga erishgan murabbiy mutaxassislarning ish tizimini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidladi.

Erkaklar jamoalari o‘rtasidagi dastlabki o‘yinda “A” guruhidan joy olgan Farg‘ona va Andijon jamoalari kuch sinashdi.
Keskin va murosasiz kechgan bahsda Farg‘ona jamoasi 19:8 hisobida g‘alaba qozondi.
Bugun shuningdek, kun davomida to‘rtta guruhdagi 11 ta juftlik o‘rtasidagi musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
“O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kubogi” bahslari 12-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA