“Besh tashabbus”: DXX kubogiga start berildi
Bugungi kunda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish muhim vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, “Besh tashabbus” doirasida o‘tkazilayotgan sport musobaqalari yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning iqtidor va imkoniyatlarini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri sifatida Buxoro shahrida “Besh tashabbus” olimpiadasining 2026-yilgi mavsumi doirasida futbol va mini-futbol (qizlar va o‘g‘il bolalar) bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun shahar mahallalari o‘rtasida qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Adilov, shahar hokimi Qurbon Tursunov, shuningdek, sport boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari hamda mahallalar yoshlari faol ishtirok etdi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, shahardagi mahallalar jamoalari dastlab guruhlarga bo‘lingan holda hudud bosqichida bellashadi. Ushbu bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar shahar bosqichiga yo‘l oladi. Bu esa musobaqaning raqobatbardoshligi va qiziqarli o‘tishini ta’minlaydi.
Musobaqa uch bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqich – tuman va shahar saralash o‘yinlari aprel-may oylarida o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar miqyosida iyun-iyul oylarida, yakuniy, uchinchi bosqich respublika final musobaqalari esa avgust oyida tashkil etiladi.
[gallery-28625]
Musobaqada 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar futbol va mini-futbol yo‘nalishlarida, qizlar esa mini-futbol bo‘yicha ishtirok etish imkoniyatiga ega. Bu esa keng yoshlar qatlamini qamrab olish, ularni sportga yanada qiziqtirishga xizmat qiladi.
Buxoroda start olgan mazkur musobaqa nafaqat sport bayrami, balki yoshlarni birlashtiruvchi, ularning jismoniy va ma’naviy kamolotiga xizmat qiluvchi muhim tadbirdir. Bunday musobaqalar yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlab, kelgusida yurtimiz sharafini himoya qiladigan iqtidorli sportchilar yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.