Berlinda vatandosh pedagoglar ta’lim hamkorligi uchun birlashdi
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasida Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandosh pedagoglarning birinchi qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda ushbu mamlakatda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik pedagoglar, ta’lim sohasi mutaxassislari, olimlar va ziyolilar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov ishtirokchilarni qutlab, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda ta’lim, ilm-fan, milliy merosni asrab-avaylash hamda xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidladi.
Qurultoy doirasida Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandosh pedagoglar o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodga o‘zbek tili, adabiyoti va milliy madaniyatini o‘rgatish, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Ilmiy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “Germaniyada Turkiston adabiyoti” ilmiy loyihasi vakillari hamda “Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblari ham faol ishtirok etdi.
Jumladan, ilmiy loyiha rahbari, professor Shahnoza Madayeva “Germaniyada Turkiston adabiyoti” to‘plamining birinchi jildi taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimot davomida Turkiston adabiyoti, jadidchilik harakati va o‘zbek ma’rifatparvarlari merosini Germaniya ilmiy muhitida o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, professor Noibaxon Mamadaliyeva, “Jadidlar izidan” respublika tanlovi hakamlar hay’ati raisi, doktor Bahrom Irzayev va boshqa mutaxassislar ma’ruzalar bilan qatnashib, jadidlar merosi, milliy ma’rifat va zamonaviy ta’limning dolzarb masalalari yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

“Jadidlar izidan” respublika tanlovi hakamlar hay’ati raisi, doktor Bahrom Irzayevning ta’kidlashicha, Germaniyaga amalga oshirilgan mazkur tashrif delegatsiya a’zolari uchun mazmunli va samarali bo‘ldi.
– Germaniyada o‘tkazilgan uchrashuv va tadbirlar barcha ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. Qurultoy doirasida delegatsiya a’zolari o‘z ma’ruzalari orqali ishtirokchilarni ilm-ma’rifatga, milliy tarix va ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganishga chorladi. Elchixona tomonidan har bir tadbir yuqori saviyada tashkil etildi, delegatsiya uchun barcha sharoitlar yaratildi. “Jadidlar izidan” tanlovining asosiy maqsadi jadid taraqqiyparvarlarining ezgu g‘oyalarini yoshlar ongiga singdirish, ularni Vatan, millat va xalq oldidagi mas’uliyatini anglaydigan, bilimli va keng dunyoqarashli avlod sifatida tarbiyalashdan iborat. Ishonamanki, Germaniyadagi mazkur tadbirlar yurtimizdagi minglab yoshlarning jadidlar merosi va ilm-ma’rifatga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi, – dedi B.Irzayev.

Elchixonamiz xabariga ko‘ra, tadbir yakunida “Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblari jadidlar merosi asosida tayyorlangan taqdimotlar va badiiy chiqishlarni namoyish etdi. O‘quvchilar tomonidan ijro etilgan Vatan haqidagi she’rlar ishtirokchilarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA