Bemorlarda yurak maromi buzilishining oldi olinmoqda
Tibbiyotdagi yangiliklar, jahon shifokorlarining ilmu amaliyot yutuqlari va ular o‘rtasidagi tajribalar almashinuvi natijasida ko‘plab kasalliklar hamda bevaqt o‘limning oldi olinmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialining bu boradagi faoliyati e’tiborga molik. Filial shifokorlarining navbatdagi hamkori Gruziyadan tashrif buyurgan dunyoga mashhur tibbiyotchi bo‘ldi.
Roin Rekvava – tibbiyot fanlari doktori, Gruziyadagi “American hospital” klinikasi yurak aritmiyasi kichikinvaziv jarrohligi bo‘limi mudiri. Ayni paytda Qozog‘istondagi Olma-ota ichki kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot klinikasi professoridir. Izlanuvchan olim-shifokorning Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Atlanta kardio-aritmologiya instituti bitiruvchisi, Buyuk Ipak yo‘li davlatlari aritmologlari assotsiatsiyasi raisi ekanini ham alohida ta’kidlamoq joiz.
Dastlab viloyat kardiologiya markazi anjumanlar zalida markaz mutaxassislari bilan mehmonni tanishtiruv tadbiri tashkil etildi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari G‘. Murodxo‘jayev so‘zga chiqib, mamlakatimiz tibbiyoti rivojida jahon tibbiyotchilari hamkorligi, o‘zaro tajriba almashishi muhim ahamiyatga ega ekanini e’tirof etdi. Xorijlik mutaxassisning mahorat sabog‘i bemorlarni yuqori samarali va sifatli davolashga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishiga qa’tiy ishonch bildirdi.
Viloyat kardiologiya markazi bosh shifokori S. Mo‘minov filial faoliyati bilan tanishtirdi. Qizg‘in savol-javoblar yurak xastaliklarini eng yangi yuqori texnologik amaliyotlar orqali davolashga bag‘ishlandi. Professor markaz vrachlarining o‘z sohalari bo‘yicha bajarayotgan davolash usullariga, ilm-fan yutuqlarini dadil qo‘llashdagi faolliklariga yuksak baho berdi. Maroqli muloqot yakunida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi.
[gallery-5412]
Odatga ko‘ra, mehmon egniga shifokorlik xalatini kiygach, palatalarga kirib, yigirmaga yaqin xastahol yotganlarni tibbiy kuzatuvdan o‘tkazdi, zarur chog‘da hamkasblariga qimmatli tavsiyalar, bemorlarga foydali maslahatlar berdi.
Kunning ikkinchi yarmidan boshlangan jarrohlik amaliyotlari allamahalgacha davom etdi. 5 nafar dardmand gruzin mutaxassisining sehrli qo‘llari sharofatidan yillab qiynalib yurgan muammosidan qutuldi.
Chunonchi, o‘n uch yoshli Saidmuhammad Sobitxonovda yurak ichi elektrofiziologik tekshiruvi va tomirdagi tugun ortodrom taxikardiyasi radiochastotali ablyatsiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Qirq yetti yoshli Muharram Mamatxonova, o‘ttiz to‘qqiz yoshli Mashhura Muxtorova, yigirma olti yoshli Dilfuza Usmonova, o‘n to‘qqiz yoshli Qobiljon Abduraimovda ham xuddi shunday jarrohlik amaliyotlari mohirona bajarildi.
Yuqorida, har bir bemorning yoshi aniq keltirib o‘tilgani, bemorlarning keksa emasligini ta’kidlashdir. Bundan ko‘rinib, turibdiki, infarkt va boshqa inson umriga nuqta qo‘yuvchi yurak xastaliklarining yosharuvi bugungi kardio-jarrohlarni tashvishga solibgina qo‘ymay, tezda so‘nggi eng maqbul choralarni qo‘llashga majbur etmoqda.
Xorijlik mutaxassisning hamkorligi samarasida Namangandagi markazning rentgenendovakulyar xirurgiya bo‘limida intervension kardiologlar deyarli jarohatsiz jarrohlik amaliyotlari malakasini yanada mukammallashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA