Belgiya terma jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvida Tunisni yirik hisobda mag‘lub etdi
Bryussel (Belgiya) shahridagi "Rua Boduen — Koning Budeveyn" stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yin yevropaliklarning 5:0 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakun topdi.
Belgiya va Tunis milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi yakunlandi. Bryussel (Belgiya) shahridagi "Rua Boduen — Koning Budeveyn" stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yin yevropaliklarning 5:0 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakun topdi.
Uchrashuvda hisobni 28-daqiqada Belgiya terma jamoasi hujumchisi Leandro Trossard ochdi. Ikkinchi bo‘limning 53-daqiqasida Sharl De Ketelare yevropaliklarning ustunligini mustahkamladi. 62-daqiqada Tunis terma jamoasi forvardi Ismael Garbi ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatildi. Oradan uch daqiqa o‘tib, ya’ni 65-daqiqada Kevin De Bryuyne hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. O‘yin yakunlanishi arafasida Dodi Lukebakio va Nikolas Raskin ham bittadan gol urib, yakuniy hisobni belgilashdi — 5:0.
Ma’lumot uchun, Belgiya va Tunis milliy terma jamoalari AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tadigan JCh-2026 musobaqasida ishtirok etishadi. Dunyo birinchiligi joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar bo‘lib o‘tadi.
Tunis terma jamoasi JCh-2026 ning "F" guruhida Yaponiya, Shvetsiya va Niderlandiyaga qarshi bahs olib borsa, Belgiya "G" guruhida Misr, Eron va Yangi Zelandiya terma jamoalari bilan kuch sinashadi.