Belbog‘li kurash – milliy qadriyat va sport an’anasi (+video)
Belbog‘li kurash O‘zbekistonning eng qadimiy milliy sport turlaridan biri bo‘lib, xalqimiz tarixi, urf-odatlari va milliy qadriyatlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysi belbog‘li kurashning shakllanishi va rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, ushbu sport turining ildizlari bir necha ming yillik tarixga borib taqaladi.
Belbog‘li kurashning asosiy xususiyati shundaki, polvonlar raqibining belbog‘idan ushlab kurash olib boradi. Bellashuv davomida kuch, chaqqonlik, muvozanat va mahorat hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Milliy bayramlar, sayillar, hashamdor to‘ylar va xalq tomoshalarida belbog‘li kurash musobaqalari doimo markaziy o‘rinni egallab kelgan. G‘olib polvonlarga qimmatbaho sovg‘alar va mukofotlar topshirilgan.


Mustaqillik yillarida milliy sport turlarini tiklash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 2001-yilda O‘zbekiston Belbog‘li kurash federatsiyasi tashkil etildi. Keyinchalik ushbu sport turini xalqaro miqyosda ommalashtirish ishlari kengaydi. 2022-yilda Osiyo Belbog‘li kurash konfederatsiyasi tuzilib, uning qarorgohi O‘zbekistonda joylashtirildi.
Bugungi kunda belbog‘li kurash nafaqat O‘zbekistonda, balki Osiyo va dunyoning qator mamlakatlarida ham rivojlanib bormoqda. Erkaklar va ayollar o‘rtasida turli yosh toifalari bo‘yicha respublika, qit’a va jahon chempionatlari muntazam o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston polvonlari xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, milliy sportimiz shuhratini dunyoga tanitmoqda.


2026-yilning 9-14-iyun kunlari Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida ilk bor o‘smirlar va qizlar o‘rtasida Belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempionati va erkaklar va ayollar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Unda Hindiston, Rossiya, Turkiya, Indoneziya, Polsha, Misr, Eron, Latviya, Mongoliya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi 30 ga yaqin davlatlarning nomdor polvonlari ishtirok etadilar.
Bugun Farg‘onadagi “Samo”sport saroyida tashkilotchilar jurnalistlar uchun matbuot konferensiyasi tashkil etdi. Unda musobaqa shakli, qoidalari, ishtirokchilar va dasturi haqida batafsil ma’lumot berildi.


Ertadan belbog‘li kurash bo‘yicha o‘smirlar va qizlar o‘rtasida jahon chempionati va kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati musobaqalari boshlanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qNbYQfq3cs0" title="Belbog‘li kurash – milliy qadriyat va sport an’anasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA