Belarus Respublikasida mustaqillik kuni keng nishonlanmoqda
Bugun Belarusda davlat bayrami nishonlanmoqda. Respublikada 3 iyul an’anaviy ravishda milliy bayram – Mustaqillik kuni sifatida keng tantana qilinadi.
Bu kun belarus xalqi uchun alohida ahamiyatga ega, deyish mumkin. 1944 yil shu kuni Minsk shahri fashist bosqinchilaridan ozod qilingan. Sana jonini tikib, vatan ozodligi uchun kurashgan xalq qahramonligidan so‘zlaydi, har uch belarusdan biri qurbon bo‘lganini xotirlaydi.

Tarixga nazar tashlasak, 1990 yil 27 iyulda Belarus Sovet Sotsialistik Respublikasi davlat mustaqilligi haqidagi Deklaratsiya qabul qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Mamlakat 1991 yil 19 sentyabrdan Belarus Respublikasi, deb atala boshlandi, shu yil dekabrda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga qo‘shildi, 1995 yildan BMT a’zosi.
Ko‘p tarmoqli qishloq xo‘jaligi rivojlangan industrial davlat hisoblangan Belarusda elektr energetikasi, yoqilg‘i, metallurgiya, mashinasozlik sanoati va metallga ishlov berish, kimyo va neft kimyosi, yog‘ochsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat, tibbiyot sanoati, mikrobiologiya va matbaachilik ravnaq topgan. Qishloq xo‘jaligida, ayniqsa, kartoshka va zig‘ir tolasi yetishtirish, sut-go‘sht chorvachiligi, parrandachilik rivojlangan. Sanoat uchun zarur yoqilg‘i, xom ashyo va materiallarning salkam 70 foizi MDH mamlakatlaridan olinadi, mahsulotning 40 foizdan ko‘prog‘i bozorda sotiladi.
Bugun fuqarolar barcha hududlarda turli tadbirlar uyushtirayotgani ommaviy axborot vositalari orqali keng tarqaldi. Masalan, Minskdagi G‘alaba monumenti va Shon-sharaf maydoniga turli delegatsiyalar, tashkilotlar rahbarlari tashrif buyurishdi, gulchambar qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakat bo‘ylab bir necha kundan beri turli anjumanlar o‘tkazilmoqda. Poytaxtning o‘zida 160 dan ziyod madaniy-marifiy tadbir tashkil qilindi.
Prezident Aleksandr Lukashenko Mustaqillik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda belarus xalqini ulug‘ ayyom bilan qutladi.

Lukashenko, jumladan, milliy manfaatlarni himoya qilish, iqtisodiyotni, ijtimoiy sohani rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Farovonlik mehnat, jipslik va o‘zaro birdamlik asosiga qurilishini eslatdi.
bugungi kunda O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi munosabat do‘stlik va sheriklik ruhida rivojlanmoqda. O‘tgan yillar davomida mamlakatlarimiz ikki va ko‘p tomonlama asosda mustahkam aloqa o‘rnatdi. Xalqlarimiz do‘stligi va yaqinligi hamkorligimizni yanada rivojlantirish, turli xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashda mustahkam asos bo‘lmoqda.

1993 yil ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar izchillik kasb etgan. Mashinasozlik, farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, turizm kabi sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ishbilarmon doiralar va yetakchi korxonalar o‘rtasida biznes forumlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilib kelayotgan O‘zbekistonda belarus millatiga mansub yurtdoshlarimiz ham bisyor. Biz bu xalq madaniyati, milliy bayramlarini iliq qarshi olamiz. Mamlakatimizda ham Belarus davlat bayrami – Mustaqillik kuni nishonlanadi.
Xullas, ko‘p yillik tarixga ega O‘zbekiston – Belarus munosabati madaniyat, an’analardagi yaqinlik, mushtaraklikka asoslangan.
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.
O‘zA