Belarus Polsha va Litva chegarasi yaqinida qo‘shinlarini jamlamoqda (+video)
Belarus Polsha va Litva chegaralarida to‘rt kunlik harbiy mashg‘ulotlarni boshladi. NATO uchun strategik Suvalki koridoriga tutash hududdagi bu harakatlar mintaqa xavfsizligi borasida savollar tug‘dirmoqda.
Belarusda Polsha va Litva chegaralari yaqinida to‘rt kunlik harbiy mashg‘ulotlar boshlandi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi ham xabar berdi. Mashg‘ulotlarda, jumladan, mexanizatsiyalashgan va tank batalonlari ishtirok etmoqda. Harbiylar chegarani qo‘riqlash, qo‘poruvchilik guruhlariga qarshi kurashish, shuningdek, dronlar va yengil aviatsiya yordamidagi hujumlarni qaytarish vazifalarini mashq qilmoqda.
Mashg‘ulotlar o‘tkazilayotgan hudud alohida ahamiyatga ega. Ularning bir qismi NATO strategik jihatdan muhim deb hisoblaydigan Suvalki koridoriga yaqin hududlarda o‘tkazilmoqda.
Eng ko‘p e’tibor Litva chegarasi yonida joylashgan Gojskiy poligoniga, shuningdek, Polsha chegarasidan taxminan 15 va 60 kilometr uzoqlikda joylashgan Brest va Rujansk poligonlariga qaratilmoqda.
Suvalki koridori Yevropaning ushbu hududida xavfsizlik nuqtai nazaridan eng nozik hududlardan biri hisoblanadi. Polsha va Litva chegarasining 104 kilometrlik qismi Boltiqbo‘yi davlatlarini NATOning qolgan hududi bilan quruqlik orqali bog‘lab turadi.
Minsk xavotirga asos yo‘qligini ta’kidlamoqda. Belarus Mudofaa vazirligi mashg‘ulotlarni «faqat mudofaa xususiyatiga ega» deb atagan.
Belarus rasmiylari, shuningdek, mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan harbiylar soni va jalb qilingan qurol-yarog‘ miqdori 2011-yilgi Vena hujjatida belgilangan, boshqa davlatlarni oldindan xabardor qilish talab etiladigan chegaradan oshmasligini bildirmoqda. Shu bilan birga, mashg‘ulotlarda aniq qancha harbiy ishtirok etayotgani oshkor etilmagan.
Boshlangan mashg‘ulotlar Belarus Qurolli kuchlarining jangovar tayyorgarligini tekshirishga qaratilgan kengroq chora-tadbirlarning bir qismi hisoblanadi. Minsk ko‘p yillardan beri NATO chegaralari yaqinida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazib keladi. Ilgarigi mashg‘ulotlarda ko‘pincha Rossiya harbiylari ham ishtirok etgan. Biroq hozirgi vaziyat bunday harakatlarga xavfli tus beradi. Chunki, Belarus Rossiyaning eng yaqin ittifoqchilaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2022-yil fevral oyida Minsk rasmiylari Rossiya qo‘shinlariga Ukrainaga qarshi operatsiya olib borish uchun Belarus infratuzilmasi va hududidan foydalanishga ruxsat bergan. Biroq Belarus o‘z Qurolli kuchlarini Ukraina hududidagi janglarda bevosita ishtirok etish uchun yubormadi. Shu sababli, ekspertlar ta’kidlashicha, xalqaro gumanitar huquqda tilga olingan mezonlar nuqtai nazaridan Minsk rasman mojaro ishtirokchisi hisoblanmaydi. Ayni paytda Rossiyaga ko‘rsatilayotgan, jumladan, logistika va harbiy sohalardagi yordam ko‘lami xalqaro hamjamiyat tanqidiga sabab bo‘lib kelmoqda. So‘nggi kunlarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikka oid yangi ma’lumotlar ham paydo bo‘ldi. Dushanba kuni Ukraina Davlat chegara xizmati Ukrainaning g‘arbidagi nishonlarga hujum qilayotgan dronlarni boshqarish uchun Rossiya qo‘shinlari Belarus hududidagi stansiyalardan foydalanayotganini ma’lum qildi.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA