Bekobod kombinatida qora metallurgiya bo‘yicha kafedra ochilib, dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Metallurgiya sanoatining “aql markazi” sifatida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi belgilandi.
Shuningdek, sohaga Navoiy kombinatining markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, Olmaliq kombinatining ilmiy-texnologik markazi, Texnologik metallar kombinatining “O‘zbekiston – Koreya” ilmiy-texnologik markazi, Toshkent texnika universiteti, Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti, Olmaliq texnika instituti hamda “Moskva po‘lat va qorishmalar instituti”ning Olmaliq filiali biriktirildi.
Ushbu ilmiy muassasalar va oliygohlar yangi turdagi materiallarga talabni, uni qoplash uchun qaysi hududda qanday loyiha qilish va qanday texnologiyadan foydalanish zarurligini, qaysi yo‘nalishlarda kadr tayyorlash kerakligini tahlil qiladi.
Sohani rivojlantirish bo‘yicha har bir hudud kesimida bir yillik, uch yillik va besh yillik dasturlar ishlab chiqilib, viloyat hokimlariga yetkaziladi.
Yangi o‘quv yilidan Bekobod kombinatida qora metallurgiya bo‘yicha kafedra ochilib, dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga metallurgiya sohasidagi muammolarni bir joyga jamlaydigan raqamli platformani ishga tushirish topshirildi.
O‘zA