Behruz Karimov Yevropaning top-klublari e'tiborini tortdi
Hozircha transfer bozoridagi raqobat tufayli klublarning nomlari sir tutilmoqda.
Oʻzbekiston Milliy terma jamoasining yosh va iqtidorli aʼzosi Behruz Karimov faoliyatida katta burilish yuz berishi va u tez orada Yevropa yashil maydonlarida legioner sifatida paydo boʻlishi mumkin.
Ayni paytda Shimoliy Amerikada oʻtayotgan Jahon chempionatida qatnashayotgan 18 yoshli himoyachiga Yevropaning bir qator top-klublari jiddiy qiziqish bildira boshladi. Maʼlumotlarga koʻra, guruh bosqichidan oʻrin olgan Portugaliyaga qarshi kechgan bahsda nufuzli jamoalarning skautlari bevosita stadionning oʻzidan turib yosh himoyachimizning harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatib borishgan.
Hozircha transfer bozoridagi raqobat tufayli klublarning nomlari sir tutilmoqda. Biroq Karimovni yaqindan kuzatish uchun stadionga kelgan mutaxassislar qaysi chempionatlardan ekani maʼlum:
Angliya Premer-ligasi: 2 ta klub skautlari;
Germaniya Bundesligasi: 1 ta yetakchi jamoa vakili;
Fransiya 1-ligasi: 1 ta jamoa mutaxassisi.
Behruz Karimov davom etayotgan Jahon chempionatida milliy terma jamoamiz safida oʻtkazilgan har ikkala uchrashuvda ham asosiy tarkibda maydonga tushdi. Uning amaldagi klubi “Surxon” bilan shartnomasi 2027 yilgacha mo'ljallangan. Transfermarkt uning qiymatini 350 ming yevroga baholamoqda.