Behbudiy haykali poyida mushoira
O‘lkamizda yomg‘irlar mavsumi bo‘lishiga qaramay Adiblar xiyoboni o‘z bag‘riga adabiyot ixlosmandlarini jalb qilmoqda. Mahmudxo‘ja Behbudiy haykali poyida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Islomshunoslik fakulteti talabalari, o‘qituvchilari jam bo‘ldi.
Uchrashuvda Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sobir O‘nar Behbudiyning hayoti va ijodi haqida gapirdi. Behbudiy hayot yo‘li, boy ma’naviy merosi yodga olindi.
– Uyushma tomonidan turli tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda, – deydi Shodi Otamurod. – Mart oyi yomg‘irlar mavsumi bilan boshlangan bo‘lsada, ochiq osmon ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarimizga halal bergani yo‘q. Adiblar xiyobonining o‘zida ayvonlar, yomg‘irdan pana maxsus joylar bor. Adabiy kechalarga chanqoq bolalar uchun biz qo‘ldan kelgancha ma’naviy hordiq ulashishga tayyormiz. Har shanba kuni o‘tkaziladigan “Xiyobon oqshomlari” mushoira kechalariga taklif etamiz. Qolaversa, payshanba kunlari nasr ixlosmandlari uchun uchrashuvlar, mahorat darslari ham tashkil etilmoqda.

Tadbirda shuningdek, alloma yangi davr o‘zbek madaniyatining asoschisi ekani, yangi maktab g‘oyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, o‘zbek dramaturgiyasini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrchi, noshir, jurnalist bo‘lib, tariximizning g‘oyat og‘ir va murakkab bir davrida yashagani ta’kidlandi.
Tadbir davomida shoir Shodi Otamurod she’rlar o‘qidi. Adabiyot sehridan bahra olgan yoshlar adib ijodi, adabiyot olami haqidagi fikrlarini bildirdi.
D.Mamatova, O‘zA