Befarq boʻlishga haqqimiz yoʻq!
Koʻpi ketib, ozi qoldi, deb oʻylagandim.
Koʻpi ketib, ozi qoldi, deb oʻylagandim. Hali xotirjamlikka berilishga erta ekanini yon-atrofimizda roʻy berayotgan jarayonlar yana bir karra isbotlamoqda.
Bir haftalar ilgari kasallanish dinamikasi ancha pasayib qolgani, karantin qoidalari esa bosqichma-bosqich yumshatila boshlanganidanmi, nazarimda koʻpchilikda shu kabi fikr boʻlgani rost.
Kimlarningdir niqobsiz yurganiga ham koʻzimiz tushdi. Bu hol ayniqsa, oʻspirinlar, yoshlarda koʻproq koʻzga tashlanmoqda. “Menga yuqmaydi”, “Immunitetim kuchli”, “Uncha-muncha kasallik mendan nari yuradi” qabilidagi qarashlar mutlaqo notoʻgʻri ekanini, hech kim bu tushunarsiz, koʻrinmas balodan kafolatlanmaganini dunyoda roʻy berayotgan voqealar koʻrsatib turibdi.
Yuqishi oʻta tez va yuqori, tuzalishi esa ancha qiyin ushbu dard mamlakatimizda zaruriy barcha ehtiyot choralari, belgilangan qonun-qoidalarga ogʻishmay amal qilish, shifokorlarning fidoyiligi, harbiylar, ichki ishlar, gvardiyachilar, favqulodda xizmat xodimlarining kasbiga sadoqati tufayli bartaraf etilmoqda.
Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, hududlar infeksiyaning tarqalishi va bemorlarning sogʻayishi koʻrsatkichiga qarab uch toifaga ajratildi. Tahlillar doimiy olib borilib, ularning har birida cheklovlar bekor qilinishi yoki kuchaytirilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Keyinchalik viloyatlar, endilikda esa tuman va shaharlar ham muayyan toifaga ajratilishiga eʼtibor qaratilyapti. Bularning bari ijtimoiy-iqtisodiy hayotning bir maromga tushib borishida muhim omil boʻlmoqda.
Koʻpchilik, ayniqsa, yoshi ulugʻ hamyurtlarimiz, nuroniylar, salomatligiga masʼuliyat bilan qarovchilar karantin qoidalariga ogʻishmay, tartib-intizom bilan amal qilgani diqqatga sazovor. Biroq hanuz niqobda yurish, uni toʻgʻri taqish, ijtimoiy masofalanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etmayotgan, uni qoʻpol tarzda buzayotgan hamyurtlarimizning borligi nainki ularning oʻziga, balki atrofidagilarga ham xavf solmay qolmaydi. Axir mamlakat ichkarisida ham kasallik alomatlari aniqlanayotganlar bor-ku! Guvohi boʻlayotganimizdek, oʻta xavfli bu kasallikning ogʻiz, burun, koʻz shilliq pardasi orqali osongina yuqishi ehtimoli juda yuqori ekani, shu tariqa koronavirusni qanday baqirib olgani oʻzi ham tuzuk-quruq anglay olmayotganlar ham borligi juda afsuslanarli.
Shunday ekan, oʻzimiz va atrofdagilarning salomatligiga befarq boʻlishga haqqimiz yoʻq!