“Bayrog‘ing bag‘rimga bosib yashasam”
Musaffo osmon... Bepoyon olam... Farovon hayot... Mayin esayotgan shabboda...
Hech e’tibor berganmisiz, yurtimiz bayrog‘ini ko‘rganingizda, albatta, shu manzaralarning barchasi ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi.
Azamat yigitlar qo‘liga qanday yarashadi u! Chunki jonini shu Vatan uchun tikkanlar bayrog‘ni yurt g‘ururi ekanligini yurak-yuragidan his qiladi. Axir buyuk bobomiz Najmiddin Kubroning jasorati haqiqat-ku. O‘nta mo‘g‘ul jonsiz yotgan ajdodimiz qo‘llaridan bayrog‘ni tortib ololmagani xalq tilida avlodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgani bejiz emas. Chunki Vatan bayrog‘i shunchaki ramz emas, u mustaqillikdan, erkinlikdan, tinchlikdan so‘z aytib turadi.
Nazarimda, hech kim xorijiy davlatda yurt sha’nini himoya qilayotgan sportchi kabi uning butun jozibasini, berayotgan quvvatini, kuchini his qila olmasa kerak. Bunga yaqinda o‘zim guvoh bo‘ldim. Vatanimiz bayrog‘i qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan Farg‘ona shahridagi 42-maktabda o‘tkazilgan bayram tadbiriga boks bo‘yicha jahon chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev taklif qildik. Bayrog‘imiz hurmati tadbirimizda qatnashib, o‘quvchilarimizga motivatsiya berib ketishini so‘radik. Lekin u ayni kunlarda Amerikada ekan. U bizga: “Opa, menku hurmatini onam qadar qilaman. Lekin dunyoga ham hurmat qildirish uchun qattiq mashg‘ulotlar jarayonidaman”, dedi.
Bugun 25 yoshli o‘zbek o‘g‘loni yurt obro‘si uchun, bayrog‘i hurmatini baland bilib, uning qadr-qimmatini oshirishga bel bog‘lagan.

Tadbirda maktab o‘quvchilariga bu ma’lumot ham aytildi. “Bayrog‘ing bag‘rimga bosib yashasam!” shiori ostida o‘tkazilgan bayramda 42-maktabning jajji boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan tortib, ustoz-murabbiylarigacha ishtirok etdi. Dastlab mazkur davlat ramzimizda aks etgan har bir rang-u timsollarning mohiyati yana bir bor tushuntirib berildi.Maktab misolida yurtga mehr qo‘yayotgan o‘quvchilarning “Mening bag‘rikeng dunyom” mavzusida chizgan eng yaxshi rasmlari ustozlar tomonidan e’tirof etildi. Mazkur tadbir doirasida kutubxonada davom etgan “Kitobxonlik saboqlari”da kitobsevarligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan kitobxon o‘quvchilar o‘zbek adabiyotining durdona asarlari bilan taqdirlandi.
Aslida, 42-maktabning yuqori qavatlaridan shahrimizdagi “San’at saroyi”ga o‘rnatilgan O‘zbekiston bayrog‘i kaftdek ko‘rinib turadi. Endi bizning o‘quvchilar mag‘rur hilpirayotgan g‘ururimiz, tinchligimiz, baxtimiz, erkinligimiz timsoli bo‘lgan bu bayroqqa shunchaki emas, boshqacha nigoh bilan boqsalar, ne ajab! Axir yurt bayrog‘ining osmon uzra parvoz qilishida qachondir ularning ham hissalari bo‘lishi kerak. Harbiylarimiz tiz cho‘kib, ko‘ziga surtgan, sportchilarimiz sabab dunyoga tanilib borayotgan bayrog‘imiz hamisha yuksakda, e’zozda, hurmatda bo‘laversin.
Go‘zal Oxunova,
Farg‘ona shahridagi 42-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi.
O‘zA