Bayrog‘imiz O‘zbekiston suvereniteti ramzidir
Kuvaytning “Q8 Press” nashri “O‘zbekistonda Davlat bayrog‘i kuni nishonlanmoqda” sarlavhali maqola e’lon qildi.
Maqolada bayrog‘imiz xalqaro munosabatlarda respublikamizni ifodalovchi ramz sifatida xorijda ham g‘urur bilan hilpirashi e’tirof etilgan.
Shu munosabat bilan qator tadbirlar uyushtirilishi, ayni sana vatanparvarlik ruhida o‘tkazilishi ta’kidlangan.
Muallif “O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun 1991 yil 18 noyabrda Oliy Kengashning navbatdan tashqari VII sessiyasida qabul qilinganiga e’tibor qaratgan.
Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olmaylik, bayroq ajdodlar uchun kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan.
Bayrog‘imiz 1992 yil 2 martdan O‘zbekiston to‘laqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohi peshtoqida ham hilpiray boshlagan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA