Bayrog‘imiz – mustaqillikning muqaddas timsoli
Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilinganining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari vakillari, harbiy xizmatchilar, ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda davlat ramzlarimiz, shu jumladan, bayrog‘imiz mamlakatimiz mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgilardan biri ekani ta’kidlandi. O‘zida chuqur ramziy ma’noni ifodalagan bayrog‘imiz xalqimizning asriy orzu-xohishlarini, millatimiz g‘ururi va buyuk ajdodlarimiz istaklarini aks ettirgani bilan yoshu-keksada birdek faxr uyg‘otishi qayd etildi. Bayrog‘imizning mazmun-mohiyati va tarixi xususida atroflicha fikr almashildi.



–Ulug‘ va muqaddas Davlat ramzlarimiz bilan hamisha faxrlanamiz, – deydi Termiz davlat universiteti ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Obid Shofiyev. – Bu ramzlar, jumladan, bayrog‘imiz ham jafokash xalqimizning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida ifodalagan buyuk Vatanimizning yorqin timsoli sanaladi. Zero, o‘tmishdan milliy ramzlar shon-sharaf, or-nomus hisoblangan. Dunyo mamlakatlaridagi elchixonalarimizda yoki xorijda o‘tkazilgan nufuzli sport bellashuvlarida bayrog‘imizning baland hilpirayotganini ko‘rib, qalbimiz quvonchga to‘lishi ham bunga yaqqol dalildir. Davlat ramzlariga nazar tashlar ekanmiz tinch, osuda va farovon hayotga, erkin, ozod va porloq kelajagimizga ishonchimiz mustahkamlanadi. Viloyatda Davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri