Bayrog‘imiz – faxrimiz, g‘ururimiz
FOTOREPORTAJ
Toshkent viloyati Zangiota tumani Chorsu qo‘rg‘onida 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Adolat” SDP hamda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti hamkorligida “Bayrog‘imiz – faxrimiz!” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Bayroq – xalq va davlatni ulug‘ maqsadlar sari boshlovchi buyuk mash’aladir. Davlatlar tarixining barcha davrlarida davlat ramzlari, xususan, bayroq Vatan timsoli sifatida muqaddas sanalgan. Bayroq ostida buyuk el birlashgan, jipslashgan. Shu nuqtai nazardan, “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 2-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir”, deb belgilab qo‘yilgan. Milliy g‘ururimiz sanalgan bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan.
[gallery-9612]
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, talabalar va kursantlar, “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi Markaziy apparati xodimlari, jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda “Davlat bayrog‘i – millat iftixori”, “O‘zbekiston respublikasi bayrog‘i – xalqimizning ajralmas iftixori” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Taniqli xonandalar va iste’dodli yoshlar tomonidan ijro etilgan dilbar kuy-qo‘shiqlar va go‘zal raqslar tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.
Davron ERNAZAROV(surat),O‘zA