Bayramga munosib tuhfa
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi bayramiga munosib tuhfa sifatida Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlari hududida barpo etilgan Qo‘g‘ay-1 va Qo‘g‘ay-2 kichik gidroelektr stansiyalari foydalanishga topshirildi.
Keng ko‘lamga ega bo‘lgan Qo‘g‘ay-1 va Qo‘g‘ay-2 kichik gidroelektr stansiyalarining jami o‘rnatilgan quvvati 18 MVtni tashkil etadi. Bu Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan 10 ta gidroelektr stansiyasining amaldagi 100,5 MVtlik quvvatiga nisbatan qariyb 18 foizlik yangi salohiyat demak. Eng asosiysi, ushbu quvvat Katta Andijon kanalining mavjud suv oqimidan foydalanish hisobiga yaratilmoqda.
Inshootlarni tantanali ishga tushirish marosimida viloyat va tumanlar faollari, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish idoralari mutasaddilari, pudratchi va quruvchi tashkilotlar mas’ullari, nuroniylar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Islom Abdurahmonov ushbu GESlar mamlakatimizda energetika sohasida olib borilayotgan islohotlarning yorqin samarasi ekanligi, viloyat aholisini “yashil” energiya manbalari bilan ta’minlashga katta hissa qo‘shishini ta’kidladi.
Mazkur yangi stansiyalar Katta Andijon kanalida kichik GESlar kaskadini barpo etishga qaratilgan, umumiy qiymati 54,7 million AQSH dollariga teng loyihaning muhim qismi hisoblanadi. Loyiha doirasida Qo‘g‘ay-1, Qo‘g‘ay-2 va Beshqo‘rg‘on stansiyalarini barpo etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, kaskadning umumiy quvvati 23 MVt, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa 172,5 million kVt·soatni tashkil etadi.
E’tiborlisi shundaki, stansiyalarning ishga tushirilishi Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarida yuzlab insonlarning bandligini ta’minlashga imkon yaratdi. Birgina Qo‘g‘ay-2 kichik GESning o‘zida 157 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ishchi-xodimlarning aksariyati yoshlarni tashkil qilib, ular viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan, “muhandislik maktab”larida toblangan umidli kadrlardir.
[gallery-31071]
– Bundan besh-olti yil avval qishlog‘imizda mana shunday ko‘rkam energetik inshootlar quriladi, deb xayolimizga ham keltirmaganmiz. Hukumatimizning inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni hayotidan rozi qilish, aholiga sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatishga qaratayotgan e’tibori natijasida gidroelektr stansiyasi qurilishi e’tiborga molik yangiliklardan biri bo‘ldi, – deydi stansiyaning yosh texnigi Sarvinoz Jo‘rayeva. – Joriy yilda Namangan davlat texnika universiteti energetika fakultetini tamomlab, yangi ishga tushgan kichik GESga ishga qabul qilinganimdan xursandman.
Bu kabi gidro inshootlarning yana bir muhim jihati shundaki, yangi energetik quvvat yaratish uchun mavjud infratuzilmaning imkoniyatlaridan foydalanishdir. Kanal o‘zining asosiy suv xo‘jaligi vazifasini bajarishda davom etgan holda, suv oqimining energetik salohiyati elektr energiyasiga aylantiriladi.
“Yashil” energetika maskanlarining to‘liq ishga tushirilishi 40 million metr kubgacha tabiiy gazni yoki 33 ming tonna ko‘mirni iqtisod qilish imkonini beradi. Inshootlar gidrologik rejimga ta’sir qilmaydi va gidrobiologik ob’ektlarga zarar yetkazmaydi hamda atrof-muhit va tabiat o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Quvonarlisi shundaki, bayramona tuhfalar arafasida savobli ishga qo‘l urildi. “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Norin tumanida yashovchi 11 nafar o‘g‘il bolaning sunnat to‘yi marosimi ham uyushtirilib, ularga munosib g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA