Bayram arafasida poytaxtda ham tozalik tadbirlari olib borilmoqda
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yillik tantanasi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda, yangi O‘zbekistonning ulkan salohiyati va jahon maydonidagi yuksak nufuziga muvofiq tarzda nishonlanadi.
Ayni kunlarda Toshkent shahrining barcha hududlarida bayram munosabati bilan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari tashkil etilmoqda.

“Dolzarb 40 kunlik” doirasida ko‘chalar, mahallalar, ichki yo‘llar, ariqlar atrofi, jamoat joylari hamda boshqa hududlar chiqindilardan tozalanib, tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, hududlarda mavjud muammoli va qarovsiz joylarga tashlangan chiqindilarni bartaraf etish, yashil maydonlarni parvarishlash hamda sanitar holatni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu tashabbuslar poytaxtimizning yanada obod, toza va ko‘rkam qiyofa kasb etishini ta’minlaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA