Baxtiyor Mustafoyev: "O‘zaro bog‘liqlik Markaziy Osiyo va Yevropa hamkorligini mustahkamlashning muhim omilidir"
Toshkent shahrida “Mintaqaviylashuv jarayonlari: Markaziy Osiyo va Yevropa tajribasi, mintaqalararo hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlik istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda "Global neighbours" tashkiloti tomonidan tashkil etildi.

Tadbir Markaziy Osiyo va Yevropaning ekspertlik va tadqiqot tuzilmalari vakillarini birlashtirdi. Tadbir “Tracks to the feature” forumi doirasida bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum yo‘nalishi tarixiy Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab o‘tib, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalarining ahamiyatini aks ettiradi.
Ma’lumot uchun: "Global neighbours"— 2022-yilda Vena shahrida tadbirkor Yovanka Porshe tomonidan Avstriyaning sobiq federal kansleri Kristian Kern va Germaniyaning sobiq vitse-kansleri Filipp Rosler bilan birgalikda tashkil etilgan xalqaro tahliliy markaz. Markaz xalqaro muloqot va diplomatiya masalalariga ixtisoslashgan.
Muhokamalar markazidan mintaqaviy integratsiya, Yevropa tajribasini Markaziy Osiyo sharoitlariga moslashtirish, transport koridorlarini rivojlantirish, energetika sohasidagi hamkorlik, investitsiyalarni jalb etish va raqamli o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash masalalari o‘rin oldi.

Davra suhbatining ochilishida so‘zga chiqqan SMTI direktorining o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev jahon iqtisodiyotining parchalanishi, ko‘p tomonlama institutlarning zaiflashuvi va ishlab chiqarish zanjirlarining qayta shakllanishi mintaqaviy hamkorlikning ahamiyatini oshirayotganini ta’kidladi. Uning qayd yetishicha, aynan shu turdagi sheriklik davlatlarga umumiy muammolarga amaliy yechimlarni tobora ko‘proq birgalikda topish imkonini bermoqda.
Ekspert O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda yuz bergan ijobiy o‘zgarishlarga e’tibor qaratdi. Davlat rahbarlari o‘rtasida muntazam muloqot yo‘lga qo‘yildi, ko‘p yillik chegara masalalari hal etildi, yangi o‘tkazish punktlari ochildi, o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi oshdi.
Mintaqaviy hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlashga “Markaziy Osiyo – 2040” mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi ham xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, B.Mustafoyev ta’kidlaganidek, mintaqaviy hamkorlik teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va har bir mamlakat manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslanadi, chunki Markaziy Osiyo davlatlari milliy davlatlar ustidan turuvchi tuzilmalarni tashkil etishni maqsad qilmagan.
Bunda mintaqaning mustaqil sub’ekt sifatidagi salohiyatini va strategik avtonomiyasini mustahkamlash, ayni paytda tashqi hamkorlar uchun ochiqlikni saqlab qolish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Markaziy Osiyoning tashqi hamkorlari orasida Yevropa Ittifoqi alohida o‘rin tutadi. 2025-yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti strategik sheriklikka asos soldi. Yevropa tomoni "Global gateway" tashabbusi doirasida umumiy qiymati 12 milliard yevro bo‘lgan investitsiya paketini e’lon qildi. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ham hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.
Shu munosabat bilan B. Mustafoyev keyingi muhokamalar uchun ikkita asosiy masalani ajratib ko‘rsatdi.
Birinchidan, SMTI vakilining fikricha, Yevropaning mintaqaviy hamkorlik tajribasidagi qaysi jihatlarni Markaziy Osiyo sharoitlariga moslashtirish mumkinligini aniqlash zarur. Bunda mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish, suverenitet, teng huquqlilik va o‘zaro ishonchni izchil mustahkamlash tamoyillariga amal qilish muhimdir.
Ikkinchidan, SMTI direktorining o‘rinbosari fikricha, o‘zaro bog‘liqlikni mintaqalararo hamkorlikning amaliy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish lozim. Bu Transkaspiy transport koridorini rivojlantirish, energetika loyihalarini amalga oshirish, ta’lim dasturlarini kengaytirish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, muhim xomashyo resurslari sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shilgan qiymatni bevosita Markaziy Osiyoda yaratishni nazarda tutadi.
O‘zA