Baxtiyor bo‘lish har bir yoshning o‘z qo‘lida
Farg‘ona viloyatidagi mahallalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari tomonidan xayrli tashabbuslarga qo‘l urilmoqda.
Qo‘shni Qirg‘iziston bilan yondosh bo‘lgan Farg‘ona tumanining olis qishloqlaridan birida joylashgan Obod mahallasining yoshlar yetakchisi Islomjon Muhammadjonov shunday tashabbuskorlardan biri.
Bu yerda yashovchi aholining 1 ming 113 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Obodlik yoshlar bugun yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda ibratli ishlarni amalga oshirayotgani quvonarlidir.
Islomjonning qariyb 2-yillik yoshlar yetakchiligi faoliyati davomida 10 mingga yaqin yoshlar murojaatlari ijobiy yechim topdi.U Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining “Yoshlar daftari” tizimi asosida samarali ish tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi” yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tanlovga taqdim etilgan loyiha mahallada tashkil etilgan “Obod ta’lim” markazidir.
–Mahallada yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamiyatda munosib o‘rinni egallashi, farovon turmush kechirishi uchun sharoit yaratish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi yoshlar yetakchisi Islomjon Muhammadjonov. – Yoshlar murojaatlarini o‘rganish davomida yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarini o‘rganishi va ularni xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha 21 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatga ijobiy yechim topish maqsadida mahalliy tadbirkorlar homiyligida mahalla guzarida 50 kishiga mo‘ljallangan “Obod ta’lim” markazi ishga tushirildi.

Markazda rus va ingliz tillari, kompyuter savodxonligi, grafik dizayn kabi to‘garaklar tashkil etilgan. Loyiha avvalida jami 4 turdagi to‘garaklarning har bir guruhiga 12 nafardan yosh qamrab olinishi rejalashtirilgan bo‘lsa, hozir ilmga qiziqqan yoshlar soni 60 nafarga yetdi. Bu yerda o‘qish sifatini yaxshilash maqsadida yoshlarga ta’lim berish uchun professional ustozlar ham jalb etilgan. Islomjon bilan suhbatlashganimizda “Obod ta’lim” markazi eshiklari qo‘shni mahallalar yoshlari uchun ham ochiqligini ta’kidladi. Loyiha boshida qiziquvchilar soni bunchalik ko‘p bo‘lishi va bu orqali mahalladagi yoshlarning yetmish foizi bandligi ta’minlanishi kutilmagani haqida aytib o‘tdi.
Bugunga kelib, mazkur ta’lim markazida tahsil olayotgan 14 nafar yoshga “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida yoshlarga zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarini o‘rganishi va ularni xorijiy tillarga o‘qitish xarajatlarini qoplash uchun mablag‘ 6 oy davomida to‘lab beriladi.
Mahalla yetakchisi tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z “meva”sini bermoqda. “Obod ta’lim” markazida boshlang‘ich bilimni egallagan Dostonbek Alijonov “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida ingliz ((IELTS, CEFR) tili kurslarini tamomlab, chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatni qo‘lga kiritdi.
“Obod ta’lim” markazida o‘qishni tamomlab yuqori natijaga erishgan yoshlarning yana o‘z mahallasiga qaytib, tengdoshlariga bilim berishlari uchun barcha imkoniyat yaratilgan.
Mazkur mahallada yashovchi Muzarof 23 yoshda. Bolalikdan sportga mehr qo‘yib, milliy kurash sport turi bilan muntazam shug‘ullanib kelgan. Bundan 2-yil oldin kurash tushayotgan paytda qattiq yiqilishi oqibatida oyoq va qo‘llari ishlamay qolgan. Natijada birinchi guruh nogironi bo‘lib, yura olmay bir joyda qolib ketgan. Bu esa Muzarof uchun o‘ta salbiy holat edi.
– Doim harakatda bo‘lganim uchun harakat qilmasdan bir joyda o‘tirish men uchun o‘limga teng bo‘lgan, – deydi Muzarof Rahimov. – Tushkunlikka tushib, bo‘ldi endi, hayotim tugadi, qanday yashayman, degan paytlarni ham boshimdan o‘tkazganman. Shunday kunlarning birida mahallamiz yoshlar yetakchisi Islomjon mening oldimga kelib, ahvolim haqida so‘radi. Suhbat davomida uning “Agar xohlasangiz, sizning sportga qaytishingizga yordam beramiz” degan gapi men uchun yangi hayot taqdim etgandek bo‘ldi. Lekin bu ham shunchaki gapirdi-da, deb qo‘ydim. Lekin ikki kun vaqt o‘tgach Islomjon yolg‘on gapirmagani o‘z tasdig‘ini topdi. Men yana o‘z sevgan ishim bilan mashg‘ul bo‘lishim, sport bilan shug‘ullanishim uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi.
Muzarof “Yoshlar daftari”ga kiritilib, sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha zarur jihozlarni xarid qilishga 12 million so‘m ajratildi. U yaratib berilgan imkoniyatdan xursand. Hozir para yengil atletika sport turi bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bir necha bor O‘zbekiston chempionatlarida ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Insonning tabiati shunday: har kimning hayot yo‘llarida mag‘lubiyat bo‘lishi mumkin. Tushkunlikka tushganda esa inson xatolarini yaxshiroq anglaydi. Lekin hamma ham yana o‘rnidan turib yo‘lida davom etishga hafsala qilavermaydi.
Nodiraxon Hamraliyeva uchun ham bu holatlar tanish. U ham bir vaqtlar hammasini yig‘ishtirib, xorijga ketsam, hammasini boshdan boshlasam, degan o‘ylarda yuradi. Oiladagi 4 qizning eng kichigi, boquvchisi yo‘q. Ham kasal onasi, ham kasal opasining yagona boquvchisi bo‘lgani uchun oilaning bor mas’uliyati uning gardanida qolgan edi.
Biroq mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni xatlov orqali “Yoshlar daftari”ga kiritish jarayonida u e’tiborga tushdi. Nodira salonchilikka qiziqadi. Biroz turtki bo‘lsa, albatta o‘z ishining ustasiga aylanishi shubhasiz edi.
Tadbirkor Liana Kalashyandan hunarning sir- asrorlarini egallayotgan qizga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun imkoniyatlar borligi haqida ma’lumot berilib, “Yoshlar daftari” tizimi orqali subsidiya asosida zarur bo‘lgan mehnat qurollari olib berildi. Qishloq markazida tadbirkorlik faoliyatini olib borishi uchun zarur imkoniyatlar yaratildi. Shu tariqa Nodiraxon 26 yoshida tadbirkor sifatida faoliyatini boshlab, “Go‘zallik saloni” ochdi. Bugun u atrofida 2 nafar qizni birlashtirdi. Nodiraxon o‘ziga berilgan imkoniyatlardan shaxsiy baxt formulasini yarata oladi, deb o‘ylaymiz.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri