Baxti kulgan farg‘onalik Gavharoy (+video)
Qirguli Farg‘ona shahrining o‘ziga xos mavzesi hisoblanadi. Bu yerda mamlakatning eng yirik korxonalari, sanoat zonalari, oliy o‘quv yurtlari va yuzlab ko‘p qavatli uylar joylashgan. Aholisi baynalminal. 53 millat vakillarini uchratasiz. Ana shunday murakkab hudud mahallalaridan biriga o‘sha paytda yoshgina deya ta’rfilashgan Gavharoy Karimovani rais etib sayladilar. Mana oradan 24 yil o‘tibdiki, u endi Farg‘ona shahrining eng ibratli Navbahor mahallasiga uzluksiz raislik qilib kelmoqda.
Gavharoy opa mahalladagi 1361 ta xonadonda yashovchi 3110 nafar aholining yoshidan keksasigacha – har birini taniydi. Ular ham opani o‘z oila a’zolaridek ko‘radilar. Mahalla yettiligi bir mushtdek jamoa. Biron yo‘nalish yo‘qki, shaharda birinchi bo‘lmasa. Yoshlar orasida sportchi chempionlar, fan olimpiadasi sovrindorlari, muvaffaqiyatli tadbirkorlar bor. Ajralish, jinoyatchilik ko‘rsatkichlari eng kam deb e’tirof etilgan. Hokim yordamchisi opaning o‘ng qo‘li. Hullas, natija birlikda, deydi u.


Mahalla faollari kam ta’minlangan, bemori bor oilalardan hamisha xabar olib turishadi. 8 mart bayrami arafasida ham mahalladagi shu kabi ayollarga alohida xurmat ko‘rsatildi. Roziyaxon Mamajonova, taqdir ekan, yolg‘iz yashaydi. Qolaversa, betob. Bugun uning qalbiga ham bahor, bayram shukuhi ulashildi.
Navbahor mahallasi ishsizlikdan xoli hududga aylangan. Kimdir tadbirkor, yana kim o‘zini o‘zi band qilgan. Rais esa ishchi o‘rni yarataman deganlarga hamisha yo‘ldosh. Ixtiyorjon Qambarovning tikuvchilik sexida 350 nafar mahalladoshi mehnat qiladi. Gavharoy Karimova bir kunda bir bor bu yerga kirmasa ko‘ngli to‘lmaydi. Tadbirkorda biron muammo bo‘lsa, shahar, viloyat idoralariga yuguradi.


Hullas, Farg‘ona shahridagi Navbahor mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Gavharoy Karimova mahallaning onasiga, o‘z odamiga aylangan.
O‘zbekiston ayolini yuksaklikda e’zozlaydigan mamlakat. Xalqaro xotin-qizlar bayrami 8 mart munosabati bilan Prezident farmoniga ko‘ra, munosiblar mamlakatning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Farg‘onadagi muhtasham San’at saroyida bugun bayram munosabati bilan katta tantana bo‘lib o‘tdi.


Viloyat hokimi Xayrullo Bozarov ishtirokchilarni tabriklab, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lidagi beqiyos xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Prezident farmoni bilan mukofotlanganlarga orden va medallar tantanali ravishda topshirildi. O‘nlab xotin-qizlar viloyat hokimligi faxriy yorliqlari hamda “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi. Ular orasida Farg‘ona shahar Navbahor mahallasi raisi Gavharoy Karimova ham bor edi.


– Menga berilgan bu yuksak mukofot mahallamizning barcha fidoyi, ahil, tashkilotchi ayollariga berilgan deb hisoblayman, – deydi Gavharoy opa. – Bugun kuch va tajribamni xalqimiz yanada farovon yashashi, osmonimiz musaffo bo‘lishi uchun sarflayman. Ozgina mehnatimni yuksak qadrlagan davlatimiz, Prezidentimizga rahmat.
Saroy sahnasi poytaxt va farg‘onalik san’atkorlar ixtiyoriga berildi. Bugun yangragan barcha kuy va qo‘shiqlar aziz opalar, fidoyi ayol-qizlarga atalgan edi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jFL3_kg5g7Y" title="Baxti kulgan farg`onalik Gavharoy" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(surat, video), O‘zA muxbirlari