Baxshichilik - millat ma’naviyatining o‘q tomiri
Bugun oqinlar va jirovlar yurti Nukusda II Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘ladi.
Ulusning o‘zligini tanishida yuzyilliklar davomida sinov va tajribadan o‘tgan qadriyatlari, bobolardan qolgan o‘lmas yozma meros hamda avloddan-avlodga, otadan o‘g‘ilga, og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan folklor asarlari ayricha asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bois o‘zbek xalqining mingyilliklar bilan bo‘ylashadigan teran ildizlari oziqlangan bebaho qadriyatlarining borligi, ayniqsa, ular ichida xalq og‘zaki ijodining baxshichilik va dostonchilik singari tengsiz san’atning mavjudligi millat ma’naviyatining o‘q tomiri, bitmas-tuganmas noyob manbaidir. Bu noyob san’at kishilikka olam va odamga bog‘liq hodisalar mohiyatini anglash, yurtga sadoqat, elsevarlik tuyg‘ularini shakllantirish, insonning hayotda yashashdan maqsadi, mehru oqibat, odamiylik mohiyati haqida jiddiy o‘ylash imkoniyatini beradi.

Ona sayyoramizda kechayotgan bugungi globallashuv bilan bog‘liq jarayonlar baxshichilik va dostonchilik san’atining millat ma’naviy qiyofasini saqlashdagi o‘rni va qadri ortib borayotganidan dalolat bermoqda. Shu jihatdan Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotida muhim voqelik bo‘lgan edi.
Davlatimiz rahbarining ushbu qarori bilan har ikki yilda bir marta Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Ushbu festivalning birinchisi 2019 yil 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Bugun esa ushbu nufuzli festivalning ikkinchisi katta ko‘tarinkilik bilan Nukus shahrida boshlandi.
Festivalga chet ellik taniqli folklorshunoslar, baxshiyu shoirlar, oqinu jirovlar, ijodiy jamoalar, ommaviy axborot vositalari vakillari va faxriy mehmonlar ishtirok etmoqda. Bu esa festival nufuzining oshishiga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan II Xalqaro baxshichilik san’ati festivali quyidagi vazifalarni hal etishga yordam ham beradi. Xususan, mingyilliklar qa’ridan otilib chiqqan hikmatlar bilan yo‘g‘rilgan xalq dostonlarining har bir bayti, misrasi qadim bobolarimizning axloqiy va ruhiy tarbiyasida qanchalik ulkan ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, bugun ham zamondoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tarbiyasi uchun shunchalik kamarbasta bo‘ladi. Folklor durdonalari – doston va eposlarda mujassam bo‘lgan Vatanga muhabbat, elu yurt himoyasi, yorga sadoqat, xalqlar do‘stligi, bag‘rikenglik, ilmu urfonga intilish, so‘zga chechanlik singari g‘oyalar farzandlarimiz ko‘ngliga singib boradi.
Shuningdek, xalqimizning ulug‘ qadriyatlaridan baxshichilik san’atining qayta tiklanishiga, baxshichilik maktablaridagi ustoz va shogirdlik an’anasi davom etishiga zamin hozirlaydi. Bu esa o‘zbek milliy baxshichilik va dostonchilik san’atining nodir namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish hamda keyingi avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.
O‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalarini ilmiy tatbiq qilish, yangi nashrlarini chop etish, xalqimizning ezgu orzu-umidlari kuylangan doston va eposlardagi qahramonlar timsoli aks etgan filmlar yaratilishiga keng yo‘l ochiladi, yurtimizga sayyohlar oqimi ortishiga, demakki, turizmning rivojlanishiga yo‘l ochadi.

Shu bilan birga, yurtimizda kechayotgan tub o‘zgarishlar, ma’naviy-mafkuraviy yuksalishlar davrida bu singari festivallarning o‘tkazilishi ilmiy jamoatchilik, madaniyat sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni ko‘nglidagidek ish bo‘lmoqda.
Qudratulla Omonov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti prorektori, filologiya fanlari doktori, professor.