Baxmal tumanida ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat boshladi
Jizzax viloyatidagi Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Baxmal tumani ixtisoslashtirilgan maktab binosining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat, tuman hokimligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi va uning viloyat bo‘limi vakillari, tuman sektorlari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mehnat faxriylari, tuman ixtisoslashgan maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari, ularning ota-onalari ishtirok etdi.
– Kelajakni aniq belgilab olishimizga asos bo‘ladigan, mutlaqo yangi, keng ko‘lamli, ulug‘ maqsadlar va g‘oyalarni o‘zida jamlagan islohotlar qilinyapti, – deydi tuman hokimi M.Anorboyev. – “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida ishlayapmiz.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoni ta’limi tizimidagi yangilanishlar ko‘lamini yanada kengaytirmoqda.
[gallery-8679]
Hujjatga muvofiq 2022 yil 1 sentyabrgacha vazirlik, idora va tashkilotlar tasarrufida bo‘lgan ta’lim muassasalari negizida 19 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamda 141 ta ixtisoslashtirilgan maktablar Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkazilishi belgilangan.
Baxmal tumani ixtisoslashtirilgan maktabi 450 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, investitsiya dasturi doirasida 5 milliard 170 million so‘m mablag‘ sarflandi. Qurilish ishlari pudratchi “Xurshidqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirildi. Mutlaqo yangicha dizaynda barpo etilgan ushbu maktabda o‘quvchilarning bilim olishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. 2022-2023 o‘quv yilida maktabning aniq fanlar yo‘nalishiga qabul 5-11-sinflarga, tabiiy fanlar yo‘nalishiga 7-11-sinflar uchun o‘tkazildi. Keyingi o‘quv yillarida 5- va 7-sinflarga qabul bo‘ladi.
Mazkur maktabga 2022-2023 o‘quv yilida o‘qish istagini bildirgan 2 ming 700 nafar talabgor hujjat topshirgan edi va ular orasidan 252 nafar o‘quvchi saralab olindi.
Ushbu o‘quvchilarga ko‘p bosqichli sinov asosida saralab olingan 33 nafar mahalliy o‘qituvchi ta’lim beradi. Darslar har bir fan tasnifiga qarab jihozlangan sinfxonalarda o‘tilishi belgilangan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA