"Bavariya" Oliseni saqlab qolish uchun katta tovon puli belgilamoqchi
Gap 150 milliondan 250 million yevrogacha bo‘lgan summa haqida ketmoqda.
Myunxenning "Bavariya" klubi Maykl Olisening kelajagi borasida muhim qadam tashlashga tayyorlanmoqda. Klub 24 yoshli futbolchiga yaxshilangan shartlar asosida yangi bitim taklif qilishni ko‘zlamoqda.
Jurnalist Kristian Falkning ma’lum qilishicha, tomonlar kelishuvga erishgan taqdirda, shartnomaga juda katta miqdordagi tovon puli bandi kiritilishi mumkin. Gap 150 milliondan 250 million yevrogacha bo‘lgan summa haqida ketmoqda.
"Bavariya" shu yo‘l orqali Yevropaning boshqa grandlari e’tiborida turgan yetakchi futbolchilaridan birini uzoq muddat jamoada olib qolishni istamoqda. Olisening amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan.
Fransiya terma jamoasi a’zosi 2024 yilda "Kristal Pelas"dan Myunxenga ko‘chib o‘tgan va qisqa vaqt ichida "Bavariya" hujumidagi muhim futbolchilardan biriga aylangan.
Qayd etish kerak, "Real Madrid" iyun oyida Olisega qiziqish bildirayotgani haqidagi xabarlarni rasman rad etib, futbolchi yoki uning vakillari bilan hech qanday aloqa o‘rnatmaganini ma’lum qilgandi.