Bashariyat uchun o‘lmas meros qoldirgan adib
Taniqli adib O‘tkir Hoshimov asarlari, ular asosida suratga olingan kino-filmlar kirib bormagan o‘zbek xonadoni bo‘lmasa kerak.
Yozuvchi asarlari sodda, ravon o‘qiladi, har bir misrasi falsafiy, badiiy jihatdan mazmunli, shuning uchun ham o‘quvchi qalbidan chuqur joy oladi.
Mamlakatimizda O‘tkir Hoshimov ijodini keng o‘rganish, adib xotirasini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2020 yil 2 dekabrdagi «O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori muhim huquqiy asos bo‘ldi.
O‘zbek Milliy akademik drama teatrida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘tkir Hoshimov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.
Davlat va jamoat arboblari, yozuvchi-shoirlar, adabiyot ixlosmandlari, yosh ijodkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi tadbirda samimiyati baland adib hayot yo‘li, qoldirgan boy madaniy merosi haqida so‘z bordi.
Teatr kirish qismida O‘tkir Hoshimov asarlari, uning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, san’at asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbir Kinematografiya agentligi tomonidan davlat buyurtmasiga asosan yozuvchining hayoti va ijodiga bag‘ishlab tayyorlangan “Chiroq ko‘targan odam” nomli hujjatli film namoyishi bilan boshlandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do‘stmuhammad, adabiyotshunos Shuhrat Rizayev va boshqalar O‘tkir Hoshimovning hayot va ijod yo‘llari, adibning badiiy asarlari mohiyati, yosh ijodkorlarga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligini alohida e’tirof etdi.
[gallery-5157]
– Bundan yarim asrdan ko‘proq vaqt ilgari ulkan adib Abdulla Qahhor yosh iste’dodli qalamkash O‘tkir Hoshimovning «Cho‘l havosi» qissasini o‘qib: «Birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq bo‘ladi. Shu alanga hech qachon pasaymasin, ijodingiz hech qachon tutamasin!», deya bo‘lajak yozuvchiga o‘zining otalarcha xayrixohligini izhor etgan edi, – deydi Sirojiddin Sayyid. – O‘tkir Hoshimov otashin ijodiy faoliyati bilan ustozlar ishonchini to‘la-to‘kis oqladi. Shuningdek, o‘zidan milliy adabiyotimiz va bashariyat uchun o‘lmas meros qoldirdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tgan davr mobaynida O‘tkir Hoshimov ijodini o‘rganish, asarlarini keng ommalashtirish, adib xotirasini abadiylashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalar, harbiy qismlar hamda Adiblar xiyobonida taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirokida O‘tkir Hoshimov ijodiga bag‘ishlangan ko‘plab uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda kitobxonlik kechalari o‘tkazildi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida «Zamonaviy o‘zbek adabiyoti rivojida O‘tkir Hoshimov ijodining o‘rni va ahamiyati» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etilib, unda «El sevgan adib: O‘tkir Hoshimov zamondoshlari xotirasida» nomli kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi. Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi Do‘mbirobod mahallasida O‘tkir Hoshimov yashab, ijod qilgan uyga yodgorlik lavhi o‘rnatildi.
«O‘tkir Hoshimov asarlari bilimdoni» respublika ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari shu yilning 12 oktyabr kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida munosib taqdirlandi.
O‘tkir Hoshimovning asarlari asosida spektakllar sahnalashtirish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borildi. Jumladan, O‘zbekiston davlat drama teatrida «Dunyoning ishlari», O‘zbekiston davlat satira teatrida «O‘tkir Hoshimov asarlari asosida hajviyot», Andijon va Qo‘qon musiqali drama teatrlarida «To‘ylar muborak», Buxoro viloyati musiqali drama teatrida «To‘ylar muborak yoxud uylanmasam o‘laman» nomli spektakllar sahnalashtirildi.
Shuningdek, O‘tkir Hoshimovning «Tanlangan asarlar»i turk tilida chop etildi. Shu bilan birga, Turkiyaning Anqara shahridagi “Hece Yayinlari” nashriyotida shoir va tarjimon Hamza O‘zturkchi tomonidan nashrga tayyorlangan «Zamonaviy o‘zbek hikoyalari» nomli to‘plamdan O‘tkir Hoshimov asarlari o‘rin oldi.
Tadbir doirasida O‘zbek davlat drama teatri aktyorlari ijrosida «Dunyoning ishlari», Qashqadaryo musiqali drama teatri jamoasining «To‘ylar muborak» spektaklidan parcha namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ishtirok etdi.
D.MAMATOVA, O‘zA muxbiri