Barqaror rivojlanishning muhim omillaridan biri
Andijon viloyatida ham turizm, xususan, ichki va ekoturizmni keng rivojlantirish, hududga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Andijon viloyatida ham turizm, xususan, ichki va ekoturizmni keng rivojlantirish, hududga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.
Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 12 turistik tashkilot va 36 turoperator asosan poytaxtimiz va Samarqand, Buxoro, Xiva, Urganch, Termiz, Qarshi singari tarixiy shaharlarga sayohatga olib borish bilan shug‘ullanadi. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi viloyat vakilligi mamlakatimiz va xorijdagi 52 sayyohlik korxonasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
– Bugungi kunda sayyohlik barqaror rivojlanishning muhim omillaridan biriga aylangan, – deydi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov. – Chunki sayyohlik aholi turmush darajasini yuksaltirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etish va xalqaro munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida sayyohlik infratuzilmasining barcha tarmoqlarini izchil rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda. Yurtimizda zamonaviy mehmonxona va turli dam olish maskanlari tobora ko‘payib, ularda servis xizmati jahon talablari darajasiga keltirilayotir. Shuningdek, yangi sayyohlik marshrutlari ishlab chiqilayotgani, mavjud transport-kommunikatsiya vositalari ta’mirlanib, yangilari barpo etilayotgani sohani yanada taraqqiy ettirish hamda yurtimizga kelayotgan sayyohlar sonining yil sayin ortib borishiga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi jahon jamoatchiligini mamlakatimizning sayyohlik borasidagi ulkan salohiyati bilan keng tanishtirish va xorijiy sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur yarmarkada viloyatdagi sayyohlik tashkilotlari ham faol ishtirok etib, vohaning sayyohlik imkoniyatlarini namoyish etayotir. Xorijiy va yurtimizning boshqa hududlarida faoliyat ko‘rsatuvchi sayyohlik korxonalarida viloyatdagi so‘lim go‘shalar, madaniy yodgorliklar, go‘zal va betakror tabiat qo‘ynida joylashgan dam olish maskanlari katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Ayni paytda hududda xalqimiz tarixini o‘zida mujassam etgan muzeylar, tarixiy obida va yodgorliklar, bahavo va xushmanzara dam olish maskanlari, muqaddas ziyoratgohlardan iborat 400 dan ziyod sayyohlik obyekti bo‘ylab 22 turistik yo‘nalish ishlab chiqilgan.
O‘lkashunoslik, Adabiyot va san’at muzeylari, Andijon shahridagi Bog‘i Bobur, Buloqboshi tumanidagi Shirmonbuloq, Xonoboddagi Xontog‘ dam olish maskanlari, shuningdek, Mirpo‘stin ota, "Qutayba ibn Muslim", Fozilmonota, Imomota, Uchbuloq, Tuzluqmomo, Mehmoni Valiy ziyoratgohlari, Sarvontepa, Chordona, Toshtepa, Mingtepa kabi arxeologik yodgorliklar sayohatchilar bilan gavjum bo‘ladigan maskanlardir.
Ularda sayyohlar va dam oluvchilar ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari sayyoh va mehmonlarga samarali xizmat ko‘rsatmoqda.
Viloyat Adabiyot va san’at muzeyida 20 mingdan ziyod bebaho osori-atiqalar, turli hujjat va qo‘lyozmalar saqlanmoqda. Bog‘i Bobur dam olish maskanida ham katta hajmdagi obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bolalar uchun turli ko‘ngilochar o‘yinlar, yangi-yangi attraksionlar o‘rnatildi. Bu yerdagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi haqida ko‘plab eksponat va ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.
Ichki turizmni rivojlantirish va qishloq joylarda servis xizmatini yanada yaxshilash maqsadida qo‘shimcha turistik yo‘nalishlar tashkil etish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, Marhamat va Ulug‘nor tumanlarida ekoturizm, Ulug‘nor tumanidagi baliqchilik xo‘jaligi hududida “Baliq ovi”, Jalaquduq tumanida “Termal suv”, Xo‘jaobod va Shahrixon tumanlaridagi shifobaxsh qumlarda “Sog‘lomlashtirish turizmi” sayyohlik yo‘nalishlari tashkil etilmoqda.