Barchasi tuman yoshlari uchun
Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi markaziy o‘yingoh davlat byudjetidan ajratilgan 5,4 milliard so‘m mablag‘ hisobiga qayta rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirildi.
O‘yingohning tantanali ochilish marosimida Yoshlar siyosati va sport vaziriligi boshqarma boshlig‘i Farhod Turdiyev, Buxoro tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Halimjon Safarov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Ochilov hamda boshqa mutasaddi rahbarlar qatnashdi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar yoshlar, ayollar va ayniqsa, bolalarni sportga jalb etish, ularning sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlashdi.

– Yangi sport majmuasida sportchilar va murabbiylar uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Halimjon Safarov. – Bunday zamonaviy sharoitlarda toblangan yosh sportchilarimiz, albatta, xalqaro musobaqalarda yanada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritadi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholi salomatligini yanada mustahkamlash, yoshlarni har tomonlama chiniqtirish, davlatning jahondagi obro‘-e’tibori va nufuzini oshirishda sportning o‘rni muhim. Shu bois yurtimizda ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinayotgan muhim qarorlar va dasturlar samarasi o‘laroq O‘zbekiston sportchilari jahon arenalarida yuqori natijalarga erishmoqda. Birgina, Buxoro tumanini oladigan bo‘lsak, ushbu hududdan yetishib chiqqan dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo chempioni To‘lqin Turdiyev, Anvarjon Ibrohimov, taekvondo bo‘yicha O‘g‘iloy Ibragimova, Zebo Aslonova kurash bo‘yicha Mansur G‘afurov va boshqa o‘nlab sportchilar nomini tuman aholisi faxr bilan tilga oladi.

Majmuada qurilgan sport zali eng zamonaviy inventarlar bilan jihozlangan, sportchi va murabbiylar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Endilikda bu yerda bir vaqtning o‘zida 300 nafardan ziyod yoshlar shug‘ullanishi mumkin.
Zarif Komilov,
O‘zA