Barchasi inson qadri uchun
Buxoro viloyati 4-sektor ishchi guruhi joylarda «Inson qadri uchun» shiori ostida aholi muammolarini o‘rganib ularga yechim topish maqsadida sayyor qabullar o‘tkazmoqda.
Ishchi guruhining bu galgi sayyor qabuli Qorako‘l tumani «Darg‘ali» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tuman hokimligi, xalq qabulxonasi, bank, bandlikka ko‘maklashish markazi, xalq ta’limi, tibbiyot birlashmasi, tuman gaz va elektr tarmoqlari va boshqa tashkilotlardan tarkib topgan ishchi guruhi vakillari qatnashdi. Qabul jarayonida «Temir», «Ayollar» hamda «Yoshlar» daftarlari ro‘yxatida turgan 30 dan ortiq fuqarolar ishtirok etdi. 20 ga yaqin turli mazmundagi ish bilan bandligini ta’minlash, shifoxonada yotib davolanishlari uchun order ajratish, kuz-qish mavsumida suyultirilgan gaz balonlari bilan ta’minlash, shartnoma to‘lovlariga ko‘maklashish borasida murojaatlar tinglandi. 10 dan ortiq yo‘llangan murojaatlar shu yerning o‘zida hal etildi. Qolgan murojaatlar esa vaqt talab qilganligi uchun tegishliligi bo‘yicha yo‘naltirildi. 5 nafar yoshlarga sektor ishchi guruhi tomonidan tadbirkorlikni boshlab, daromad topishlari uchun asbob-uskunalar berildi.

– «Yoshlar daftari»ga kiritilganman, – deydi «Darg‘ali» mahalla fuqarolari yig‘ini hududida yashovchi Mahliyo Bozorqulova. – Tikuvchilikka o‘quvim bor ammo shaxsiy tikuv mashinam yo‘qligi sabab sektorga murojaat qilgandim. Bugun menga zamonaviy tikuv mashinasi berildi. Men bundan xursandman. Tikuv mashinasidan samarali foydalanib oilaviy daromadimga hissa qo‘shmoqchiman.
O‘tkazilayotgan bu kabi sayyor qabullar insonlarning og‘irini yengil qilish va ularni qiynayotgan muammolarni joyida hal etishga xizmat qilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA